Qanday hollarda is gazidan zaharlanish mumkin?
Shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalar ishlab chiqaradigan korxonalar, avtoturargohlar, yangi boʻyalgan va shamollatilmagan xonalar, yoqilgʻi yordamida isitiladigan pechli uylar va hammomlarda, shuningdek, uy sharoitlarida tabiiy gaz yonib turganda yonuvchi moddaning toʻliq yonmasligi oqibatida is gazidan zaharlanish mumkin. Is gazining eng kam miqdori ham zaharlanish uchun yetarli boʻladi. Inson oʻzida holsizlanish alomatlarini his qilmagunicha uning taʼsirini sezmaydi.
Zaharlanishning asosiy sababi
Gaz, koʻmir, oʻtin va shu kabi yoqilgʻilardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, nostandart, yaʼni qoʻlbola yasalgan yoki sertifikatga ega boʻlmagan isitish pechlari va uskunalaridan foydalanish, dudburonlarni notoʻgʻri oʻrnatish, gaz yoki boshqa muqobil yoqilgʻiga moslashtirilgan isitish pechlari hamda gaz ballonlarini yotoqxonalarga olib kirish, havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov yoki koʻmir va oʻtindan foydalanish is gazidan zaharlanishga sabab boʻladi. Shuningdek, havo almashtiruvchi shamollatish tuynuklarini berkitib qoʻyish, shamollatish tizimining nosozligi, yopiq binolarda avtotransport vositalarining dvigatelini ishlatish, gaz plitasidan binoni isitish va kiyimlarni quritish uchun foydalanish, uni yoqilgan holatda nazoratsiz qoldirish, gaz ballonlarini issiqlik manbayiga yaqin joyda qoldirish, quvurlardan tabiiy gaz sizib chiqishi, pechlar qopqogʻini yopmaslik kabi holatlarda zaharlanish mumkin.
Yonish jarayonida yetarli darajada kislorod boʻlmasa, zaharlanish istalgan muhitda, hatto gaz plitasi duxovkasi ishlab turganda ham sodir boʻlishi ehtimoli bor.
Tabiiy gazdan foydalanishda nimalar taqiqlanadi?
Oʻzboshimchalik bilan uyni gazlashtirish, gaz plitasi oʻrnini almashtirish va uni taʼmirlash, binoning dudburon va shamollatish tizimlarini yopib quyish, xavfsizlik va sozlash avtomatikasini uzib qoʻyish, maktabgacha yoshdagi bolalar, shuningdek, oʻz harakatlarini nazorat qila olmaydigan shaxslarning gaz asboblaridan foydalanishi, gaz asboblaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, ular oʻrnatilgan xonada uxlash va dam olish taʼqiqlanadi.
Binoda gaz hidini sezganda nima qilish kerak?
Bunday holatlarda zudlik bilan 104 telefon raqami orqali gaz-avariya dispetcherlik xizmatiga va 1050 raqami orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv xizmatiga xabar berish, barcha gaz kranlarini yopish, ochiq olovdan foydalanmaslik, darhol eshik va derazalarni ochib, xonani shamollatish, elektr jihozlarini yoqmaslik talab etildi.
Is gazidan zaharlanishning oldini olish uchun qanday tadbirlarni amalga oshirish zarur?
Buning uchun fuqarolarga quyidagi tavsiyalar beriladi:
– doimiy ravishda binodagi isitish pechlari va moʻrilarning sozligiga, turli buyum va toʻsiqlar bilan yopilib qolmaganligi hamda maxsus tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida tozalanishiga alohida eʼtibor bering va doimiy nazorat qiling;
– xonani isitish uchun qoʻlbola va nosoz isitish moslamalaridan foydalanmang;
– tungi vaqtda binoning isitish tizimini nazoratsiz qoldirmang;
– oshxonada oʻrnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalaridan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;
– gaz uskunalarini ulash tartib-qoidalariga rioya qiling, ularga rezina shlanglar orqali ulanishga yoʻl qoʻymang.
Unutmang, oʻzingiz va yaqinlaringizning xavfsizligi hamda salomatligini asrash doimo oʻz qoʻlingizda!
Sanjar ERGASNEV,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi
instituti oʻqituvchisi, dotsent.
