IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik R.Tursunov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida joylashgan 10-son JIEKda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar va 7533-harbiy qism 4-bataloni nazoratchilariga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Bosh boshqarma boshligʻi tomonidan mavjud shart-sharoitlarini yanada yaxshilash boʻyicha batalon kamandiri va koloniya rahbariyatiga tegishli topshiriqlar berildi. Shundan soʻng koloniyada joylashgan Davolash-profilaktika boʻlimi faoliyati bilan tanishilib, bu yerda davolanayotgan mahkumlar va shifokorlar bilan suhbat olib borildi. Shuningdek, mahkumlar yotoqxonalarini koʻzdan kechirildi.
Koloniyaning mahkumlar oshxonasi, savdo doʻkoni va kutubxonasida boʻlgan polkovnik R.Tursunov ichki savdo doʻkonida mavjud oziq-ovqat mahsulotlari turlarini yanada koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi. 15000 ga yaqin kitoblar jamlangan kutubxonani koʻzdan kechirish chogʻida esa tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan badiiy kitoblarni yanada koʻpaytirish yuzasidan tavsiya va takliflar berildi.
Bundan tashqari, koloniya shaxsiy tarkibi bilan uchrashib, qonuniylikka rioya qilish, xizmat intizomini buzmaslik, xizmat vazifasiga vijdonan yondoshish, halol va pok ishlash lozimligi uqtirildi.
Ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvlarda shaxsiy va maxsus tarkibning kundalik maishiy muammolari ham oʻrganilib, yechimini topish boʻyicha rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Sodiq RAHIMOV,
“Rostda” muxbiri.
Qashqadaryo viloyati.
