Joriy yilning 3 yanvar kuni imzolangan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorning ijrosini tashkil etish boʻyicha Milliy gvardiya qoʻmondoni, general-mayor R.Djurayev boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida oʻz faoliyatini boshladi. Ishchi guruh tuman va mahallalar kesimida prokuratura, ichki ishlar organlari hamda hamkor tashkilotlar masʼullari bilan birgalikda manzilli ishlarni olib bormoqda.
Dastavval, Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Buxoro tumanidagi uchrashuvlarda qarorning mazmun-mohiyati tushuntirilib, oʻtgan yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda, maqsadli oʻrganishlarni oʻtkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab boʻlayotgan asl omillarni aniqlash va barham berish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralarni koʻrish, mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq masʼuliyati belgilab berildi.
Ikkinchi kuni ishchi guruh Romitan, Vobkent, Kogon, Gʻijduvon, Olot, Qorakoʻl, Jondor va Qorovulbozor tumanlarining «qizil» hamda «sariq» toifadagi mahallalarida kriminogen vaziyatni jilovlash maqsadida alohida toifadagi shaxslar bilan manzilli tadbirlar olib bordi. Shuningdek, ishchi guruh tomonidan mahalla guzarlarida yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar koʻzdan kechirilib, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan tegishliligi boʻyicha vazifalar belgilandi.
Ishchi guruhning manzilli oʻrganishlari davom etmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
