Ishga kirishda yangi tartib:
nomzodlarGA QOʻYILGAN TALABLAR QANDAY?
Ichki ishlar organlariga ishga kirish talablariga koʻpchilikda qiziqish yuqori. Bu borada zamon bilan hamohang tarzda yangi tartib ham joriy etildi. Ayni shu mavzuda IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshqarma boshligʻi, podpolkovnik Farid AbdIyevga bir nechta savol bilan yuzlandik.
– Ichki ishlar organlarida xizmatga nomzodlarni tanlab olish tartibi xususida toʻxtalib oʻtsangiz.
– Ichki ishlar vazirining «Ichki ishlar organlarida xizmatga nomzodlarni tanlab olish tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida»gi buyrugʻiga koʻra, ichki ishlar organlariga yoshi oʻn sakkizdan kichik va oʻttizdan katta boʻlmagan, shu jumladan, oʻttiz yoshdagi ham, Oʻzbekiston fuqarolari yoʻriqnomada belgilangan tanlov asosida qabul qilinadi. Tanlov hamma hududda har xil vaqtda, boʻsh lavozimlarga koʻra, ochiq tarzda eʼlon qilinadi. Nomzodlar ikki bosqichda, yaʼni, saralash va oʻrganish bosqichlarida tanlab olinadi.
Saralash bosqichida quyidagilarga eʼtibor qaratiladi:
roʻyxatdan oʻtish;
dastlabki oʻrganish;
intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligini baholash;
test sinovi;
jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash.
Oʻrganish bosqichida nomzodlar xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiya koʻrigidan oʻtkaziladi. Shuningdek, ichki ishlar organlarida xizmat qilish uchun toʻsqinlik qiladigan salbiy omillarni aniqlash maqsadida psixofiziologik (poligraf) tekshiruvi amalga oshiriladi.
– Test sinovlarini oʻtkazish va baholash qanday boʻladi?
– Test sinovlari belgilangan tartib asosida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladi. Test topshiriqlari har bir fandan 30 ta topshiriqni oʻz ichiga oladi va har bir toʻgʻri javob uchun quyidagicha ball beriladi:
huquqshunoslik fani boʻyicha har bir toʻgʻri javob uchun – 3,1 ball va jami – 93 ball;
Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha har bir toʻgʻri javob uchun – 2,1 ball va jami – 63 ball;
tarbiya fani boʻyicha har bir toʻgʻri javob uchun – 1,1 ball va jami – 33 ball.
Test sinovlari natijalariga koʻra toʻplanishi mumkin boʻlgan umumiy 189 baldan kamida 134 ball toʻplagan nomzodlar jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bosqichiga oʻtgan deb hisoblanadi.
– Jismoniy tayyorgarlik mashqlari va ularni bajarishga qoʻyiladigan talablar borasida ham maʼlumot bersangiz.
– Bunda jismoniy tayyorgarlik sinovlari erkak hamda ayol nomzodlar uchun alohida belgilanadi.
Erkak nomzodlar:
kuch ishlatish mashqi – toʻsinda (turnikda) tortilish;
tezlikka oid mashq – 100 metrga yugurish;
chidamlilikka oid mashq – 3000 metrga yugurish.
Ayol nomzodlar:
kuch ishlatish mashqi – kuch ishlatish mashqlari kompleksi;
tezlikka oid mashq – 100 metrga yugurish;
chidamlilikka oid mashq – 1000 metrga yugurish.
Tanlovning barcha bosqichlarida faqat «yaxshi» va «aʼlo» baho olgan nomzodlar xizmatga qabul qilinadi.
– Elektron tartibda hujjat topshirish qanday amalga oshiriladi?
– Bu yangi tizim. Hozir mutaxassislarimiz ishlashyapti. Qisqa qilib tushuntiradigan boʻlsam, tanlov ichki ishlar organlarining rasmiy veb-saytida eʼlon qilingach, oʻsha joyda havola qoldiriladi va elektron tarzda tegishli hujjatlar topshirilib, roʻyxatdan oʻtiladi. Tanlov toʻgʻrisida eʼlon berilgandan soʻng, xizmatga kirish istagini bildirgan nomzodlar doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joydagi ichki ishlar organining rasmiy veb-sayti orqali roʻyxatdan oʻtadi. Bunda nomzodlar veb-saytga oʻzining pasport yoki ID-kartasi maʼlumotlarini kiritadi.
Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati va oliy taʼlim muassasalariga, shuningdek, Toshkent shahar IIBBga xizmatga kirish istagi boʻlgan nomzodlar, doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar, tegishliligiga koʻra, Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati, oliy taʼlim muassasalari yoki Toshkent shahar IBBning rasmiy veb-saytlari orqali roʻyxatdan oʻtishlari mumkin. Shundan soʻng navbatdagi tanlov tadbirlari boshlanishidan besh ish kuni oldin saralash tadbirlarining boshlanish vaqti va joyi haqida yozma yoki elektron shaklda xabar beriladi.
– Nomzodlar ishga qabul qilinganda, ularga maxsus unvonlar berilishi qanday boʻladi?
– Xizmatga qabul qilinganlar uch oy davomida boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik borasida koʻnikmalar hosil qilishlari uchun malaka oshirishga yuboriladi. Oʻquv jarayonlarini tugatib qaytgach, maʼlumoti, oʻqigan yoʻnalishlaridan kelib chiqib, safdorlik yoki ofitserlik lavozimlariga tayinlanadi. Safdorlarning unvonlarida oʻzgarish boʻlmaydi. Oliy maʼlumotlilarga kelsak, ular xizmatga qabul qilinib, boshlangʻich kasbiy tayyorgarlikdan oʻtgach, dastlab katta serjant unvonini oladi. Belgilangan bir yillik sinov muddati (3 oylik boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik oʻquv jarayonlari vaqti ham hisobga olinadi) yakunlangach, xizmat faoliyati baholanib, leytenant unvoni beriladi.
Darvoqe, ularga murabbiy ham biriktiriladi. Ayrimlar, harbiy kafedralarda oʻqiganligi hisobiga oʻz-oʻzidan zaxiradagi leytenant unvoni ularda mavjud boʻlishi tabiiy. Ular boshlangʻich tayyorgarlikni tugatishi bilanoq, leytenant unvoniga ega boʻlishadi. Tor doiradagi mutaxassisliklarda ham xuddi shunday. Yana bir muhim jihat – oliy maʼlumot egalari albatta ofitserlik lavozimlariga tayinlanadi.
– Toshkentda istiqomat qiladigan nomzod Surxondaryodagi ochiq tanlovga ariza yozganligi uchun sinovlarni Toshkentning oʻzida turib ham topshirishi mumkinmi?
– Nomzod qaysi hududga ishga topshirgan boʻlishidan qatʼi nazar, sinovlarda aynan oʻsha joyda qatnashadi. Masalan, Surxondaryodagi boʻsh lavozimlarga eʼlon qilingan tanlovga nomzodini qoʻygan fuqaro Toshkentdan turib masofaviy sinovlardan oʻta olmaydi.
– Ichki ishlar organlariga ishga kirishda Oʻzbekistondagi xususiy OTMlarni tamomlagan nomzodlarning diplomi tan olinadimi?
– Xususiymi yoki davlat oliygohlarimi, diplomlari faqat mamlakatimiz hududida tan olinsa kifoya. Yaʼni Oʻzbekistondagi OTM boʻlsa, rasmiy ravishda davlat roʻyxatidan oʻtganligi inobatga olinadi. Xorijda oʻqiganlarning diplomlari esa mamlakatimizda tasdiqlanganligi borasida xulosa talab qilinadi.
– Tizimda faoliyat yuritishni niyat qilgan talabgorlarga boʻy parametlari qatʼiy belgilanganligi rostmi?
– Albatta, erkaklar 165 sm va ayollar 160 sm dan kam boʻlmasligi kerak. Yarim santimetr yetmasa ham, xizmatga qabul qilinmaydi. Bu barcha uchun birdek amal qiladi. Hatto tor mutaxassislik yoʻnalishlari uchun ham. Lekin bizda boʻyining balandligi 175 va 170 sm dan past boʻlmagan nomzodlar qabul qilinadigan lavozimlar ham mavjud.
– Tor mutaxassislarga qaysi toifadagi yoʻnalishlarni tugatgan nomzodlar kiradi va ularga qanday ustunliklar beriladi?
– Ichki ishlar organlarining tor ixtisoslik boʻyicha mutaxassisliklar talab etiladigan ayrim lavozimlariga tegishli tor ixtisoslik boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlgan nomzodlar tanlovning saralash bosqichisiz, faqat oʻrganish bosqichi orqali xizmatga qabul qilinadi. Bular – jurnalistika (faoliyat turlari boʻyicha) taʼlim yoʻnalishi, kompyuter texnologiyalari va informatika taʼlim sohasi, rejissyorlik taʼlim yoʻnalishi, xalqaro huquq mutaxassisligi, iqtisodiy taʼlim sohasi, moliya mutaxassisligi, dinshunoslik, psixologiya, veterinariya taʼlim sohasi va boshqalar…
– Sirtqi taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan nomzodlar ham ichki ishlar organlariga hujjatlarini topshirishlari mumkinmi?
– Hujjatlarni topshirishlarida ham, ishga qabul qilinishlarida ham hech qanday toʻsiqlar yoʻq. Hatto 1-bosqich talabasi boʻlsa-da...
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur.
Eslatma:
Ishga kirish bilan bogʻliq boshqa koʻplab savollaringizga Adliya vazirligida 3481 raqami bilan 2023-yil 6-dekabrda davlat roʻyxatidan oʻtgan Ichki ishlar vazirining buyrugʻi orqali tanishishingiz mumkin. Buyruq (https://lex.uz/pdfs/6688256) Lex.uz saytiga joylangan.
Abror POYONOV
suhbatlashdi.
