Ichki ishlar organlari tizimidagi uzoq yillik faoliyatim davomida hayotning juda koʻp haqiqatlarini angladim. Chunonchi, qonunbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash uchun bilim, jismoniy va jangovar salohiyatning oʻzi kamlik qilar ekan. Yaʼni, kasbingni sevmasang, ishingdan zavq tuymasang, koʻzlagan maqsadingga erishishing ogʻir kechadi.

Qolaversa, nafsi yoʻlida hech narsadan tap tortmaydigan jinoyatchiga qarshi turmoq, uning zulmidan kimnidir himoyalamoq uchun jasorat kerak. Asosiysi, yurtni sevishing, yuraging el ishqida yonishi zarur. Ana shunda xizmatingning qiyinchiliklari, mashaqqatlari sezilmaydi, olgʻa intilishga oʻzingda kuch topasan.

Yana shuni angladimki, Vatan ravnaqi hamda xalq osoyishtaligini taʼminlash borasida qilingan mehnat, albatta, oʻz eʼtirofini topadi. Oʻzim misolimda aytadigan boʻlsam, Prezidentimizning 24-oktabrdagi «Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash toʻgʻrisida»gi farmoni asosida «Shuhrat» medali bilan taqdirlandim. Tabiiyki, bu yuksak eʼtibor koʻnglimni gʻururga toʻldirdi.

Kezi kelganda aytish kerak, sohadagi xizmatimni 2007-yilda Zafarobod tumani IIB Tashkiliy boʻlinmasida boshlaganman. Soʻng Paxtakor tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi tayanch punktlari profilaktika inspektori, katta profilaktika inspektori, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi boshligʻi, tuman IIB boshligʻining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qildim. 2021-yildan buyon Arnasoy tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻining oʻrinbosariman.

Tinchlik bor joyda taraqqiyot boʻladi. Osoyish goʻshada bola kulgusi yangraydi, ota-ona qalbi farzand kamolidan quvonchga toʻladi. Qonunni himoyalayotganlar elga shundayin saodatni baxsh etadi. Men ana shu baxtni tuyib yashayotganlar safidaman.

Komil ishonch bilan ayta olamanki, Davlatimiz rahbarining «Odamlar ichki ishlar organining har bir xodimida oʻzining himoyachisini koʻrishi kerak» degan daʼvati bugun sohaning har bir vakilining hayotiy shioriga aylangan.

 

Zafar DOʻSTOV,

Arnasoy tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari, mayor.