Litseyda oʻquvchi yoshlar hamda pedagog-xodimlarning psixologik holati, oʻquv muhitining sogʻlom va barqaror boʻlishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Halima Bekmurodova har bir oʻquvchi bilan individual suhbatlar oʻtkazib, ularning shaxsiy psixologik portretini shakllantirib boradi. Bu jarayonda temperament, diqqatni jamlash, xotira, stress darajasini aniqlash boʻyicha testlar oʻtkaziladi. Har hafta oʻtkaziladigan guruh treninglari esa oʻquvchilarning oʻziga xos ehtiyojlari va test natijalaridan kelib chiqib tashkil etiladi. Treninglar faqat amaliy mashgʻulotlar bilan cheklanib qolmay, ong va ongosti, iroda, nutq madaniyati, motivatsiya, stress tushunchasi kabi mavzularda nazariy maʼlumotlar ham beriladi. Bu yoshlarning shaxsiy va kelajakdagi kasbiy motivatsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Kuzatuvlar davomida koʻplab oʻquvchilarda oʻziga nisbatan ishonch pastligiga duch keldim, – deydi lavhamiz qahramoni. – Ayniqsa, kasb tanlashda qarorni ota-onasi bergan bolalarda ruhiy bosim yuqori boʻlishi, oʻqishga kirish jarayonida sinovlardan oʻta olmaslik xavotiri ularni bezovta qilgan holatlar koʻp uchragan. Suhbat va psixologik koʻmakdan soʻng koʻplab oʻquvchilarning oʻziga boʻlgan ishonchi ortgani, barcha imtihon va sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgani kuzatilgan.

Sir emas, hozirda yoshlar hayotiga chuqur kirib kelgan internet va telefonlar ularning diqqatini parchalab, oʻquv jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bois psixolog tavsiyasi bilan litseyga oʻquvchilarning telefon olib kirishi cheklandi. Natijada oʻquvchilarda xotira, bilimni oʻzlashtirish, diqqatni jamlash koʻrsatkichlari sezilarli darajada yaxshilangani qayd etildi.

Taʼlim muassasasida doʻstlardan uzilib qolgan, oʻziga yaqin muomala muhitini topa olmagan bolalar bilan ham alohida ish olib boriladi. Ularga oʻzining ijobiy va salbiy jihatlari haqida mulohaza qildirish, yomon odatlarini yaxshilariga almashtirish boʻyicha tavsiyalar berish, buni interfaol shaklida amalga oshirish orqali ijobiy oʻzgarishlarga erishilmoqda.

– Psixolog, eng avvalo, tinglay olishi, tushuna bilishi kerak, – deydi Halima Bekmurodova. – Oʻquvchilar bilan suhbat chogʻida koʻpincha ularga bu dunyoda yomon odamlar emas, faqat notoʻgʻri tushunchalar bilan yashaydiganlar borligini, buni oʻzgartirish mumkinligi haqidagi gʻoyani uqtirishga harakat qilaman. 

Lavhamiz qahramoni akademik litseyda psixologik xizmatni yanada rivojlantirish niyatida. Jumladan, psixologik treninglar uchun maxsus xona tashkil etish, psixologiya fanini darslik sifatida kiritish boʻyicha vazirlikka taklif bilan chiqish kabi rejalarni amalga oshirish ishtiyoqida. Ayni chogʻda, u «IIV akademik litseyi oʻquvchilarida kasbiy motivatsiyani shakllantirishning ijtimoiy-psixologik omillari» mavzusida ilmiy ish olib boryapti. Yaqinda ichki ishlar organlari xodimlari uchun moʻljallangan «Kasbiy motivatsiya – xizmat quroli» kitobi nashrdan chiqqani esa uning professional izlanishlaridagi muhim natijalardan biri boʻldi.

Feruza RAHMONQULOVA,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.