Xususan, davlatimiz rahbarining 2020-yil 7-yanvardagi qarori asosida Toshkent, Buxoro, Andijon hamda Navoiy viloyatlarida yangi qoʻshilma va harbiy qismlar tashkil etildi, ularning moddiy-texnik bazasi va infratuzilmasi tubdan qayta koʻrib chiqilib, zamonaviy jihozlanishi yoʻlida ulkan ishlar qilindi. Qoʻshinlarning jangovar va safarbarlik shayligini tashkil etishda asosiy eʼtibor harbiy xizmatchilarning malakasini oshirish, jangovar shaylik rejalarini qayta ishlab chiqishga qaratildi. Barcha harbiy qismlar va boʻlinmalarda jangovar taktik oʻquvlar dunyoda yuz berayotgan real voqelikka asoslangan holda tashkil etilyapti.
Shuningdek, qoʻshinlarga qarashli harbiy qismlarda ilk bor maxsus vazifalarni bajarishga moʻljallangan boʻlinmalar tashkil etildi. 2022-yilda mazkur vzvodlar tarkibi yangidan tuzilib, maxsus tayyorgarlik va moddiy taʼminot boʻyicha komandir oʻrinbosari, yoʻriqchi portlatuvchi, mergan, radioaloqachi, katta texnik haydovchi, oʻqchi-feldsher va yengil zirxlangan texnika haydovchisi kabi lavozimlar joriy etildi. Mazkur yildan eʼtiboran, «Dovyurak jangchi» farqlovchi nishonini olish uchun intensiv sinovlar oʻtkazilib kelinmoqda. Uning natijalariga koʻra, hozirgacha 29 nafar harbiy xizmatchi ana shunday nishon bilan taqdirlandi.
Shaxsiy tarkib tayyorgarligining intensivligi va sifatini kuchaytirish, shuningdek, jangovar va tezkor tayyorgarlik boʻyicha turli mashqlar oʻtkazish, harbiy qismlarning jangovar shayligini va boshqaruvini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning amaliy koʻnikma va mahoratini oshirish maqsadida oʻtgan yili 3 marotaba qoʻmondonlik-shtab mashqi, 280 dan ziyod shtab, taktik-maxsus va taktik-saf mashqlari hamda 3 marotaba jangovar shaylik tekshiruvlari oʻtkazildi. Buning natijasida, Qoʻshinlarning jangovar tayyorgarlik darajasi yanada oshirilishiga erishildi. Shuningdek, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari Akademiyasida «Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonining maxsus sinfi» ochildi.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va burchga sadoqat ruhida tarbiyalashda polkovniklar Ravshanbek Rozumov va Jasur Sagdullayev, podpolkovnik Aziz Yusupov, mayorlar Rahmat Quliyev va Muhammadali Oblaqulov hamda kapitan Bekzod Muhiddinov, soha faxriylari isteʼfodagi podpolkovniklar Neʼmat Doʻstov va Asqar Davlatovlarning xizmati beqiyos boʻlmoqda.
Kun sayin shiddat bilan oʻzgarib borayotgan jahon geosiyosatidan kelib chiqqan holda kelgusida ham Qoʻshindagi islohotlar doirasida amaliy ishlar davom etaveradi.
Qoʻshinlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida keyingi toʻrt yil davomida 1600 nafarga yaqin harbiy xizmatchilar imtiyozli ravishda uzoq muddatli ipoteka kreditlari asosida oʻz uy-joylariga ega boʻlishdi.
Xizmat vazifasini fidoyilik bilan ado etib kelayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun imtiyozli tavsiyanomalar berilyapti. Sogʻligʻini tiklash va respublikamizning soʻlim goʻshalarida joylashgan sanatoriy va kurortlarda dam olib kelish istagida boʻlgan harbiylar uchun ham imkoniyatlar yaratilyapti.
Barcha harbiy qism va harbiy-maʼmuriy sektor rahbarlari bilan hamkorlikda yurtimiz maktablarida tahsil olayotgan oʻquvchi-yoshlar uchun doimiy ravishda «Ochiq eshiklar kuni» oʻtkazilyapti. Qoʻshinlarga biriktirilgan ming nafar yoshlarlarning muammolarini oʻrganish va ijobiy hal etish borasidagi manzilli saʼy-harakatlar ham kutilgan natijalarni bermoqda. Kelgusida ularning koʻpchiligi hayotini shu soha bilan bogʻlashga ahd qilishyapti. Qoʻshinlar safida xizmat qilayotgan yurtimiz posbonlarining 60 nafari respublika, 18 nafari esa, xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritishdi. Yurtimizda oʻtkazilayotgan sport musobaqalari va chempionatlarida ham koʻplab yutuqlarga erishib, oʻzlarining nimalarga qodir ekanliklarini barchaga namoyish etishdi. Shu boisdan ham qoʻshinlardagi sportchilarning 15 nafari «Sport ustasi», 20 nafari esa «Sport ustaligiga nomzod» va «Xalqaro toifadagi sport ustasi» unvonlariga erishishdi.
Fursatdan foydalanib, barcha harbiy xizmatchilarni va faxriylarni yaqinlashib kelayotgan 4-mart – Qorovul qoʻshinlari tashkil topganligining 25 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman! Ularning fidokorona xizmatlari evaziga
IIV harbiy tuzilmalari izchil rivojlanib, jangovar qobiliyatimiz va mudofaa salohiyatimiz mustahkamlanib, buning natijasida xalqimizning farovon hayoti taʼminlanmoqda. Barchaga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik tilayman.
