Joriy yil boshidan 3050 nafar shaxs Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX Probatsiya boʻlimi hisobida edi. Oʻtgan ikki oy davomida 542 nafari hisobdan chiqarilgan boʻlsa, 198 nafari sudlarga kiritilgan taqdimnomaga koʻra muddatidan oldin shartli ravishda ozod etilgan. Shuningdek, ushbu davr mobaynida ularning qayta jinoyat sodir etishining oldini olish, muammolarini oʻrganish yuzasidan qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilning 7-mart kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIVning tajribali xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan shahar va tumanlarda xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olish borasida Qonlikoʻl tumanida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli oʻrganildi.
Ishchi guruh aʼzolari probatsiya nazoratidagi shaxslar ishlaydigan «LAN-C» va «A.Alekenov» MCHJlarga borib, ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar, mehnat haqlarining oʻz vaqtida toʻlanishi va boshqa qator masalalar yuzasidan suhbatlar oʻtkazishdi. Shu kunning oʻzida Probatsiya xizmati nazorat ostidagi shaxslar uchun psixologik trening mashgʻulotlari tashkil etildi.
Trening davomida, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Shuningdek, qayta jinoyat sodir etishning oldini olish boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Azamat PIRNIYAZOV,
oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
