Istiqlol ayyomi arafasida Xorazm viloyati IIB sport markazi bazasida sportning voleybol, basketbol hamda mini futbol turlarini yanada rivojlantirish maqsadida barcha qulayliklarga ega boʻlgan vorkaut majmuasi foydalanishga topshirildi.
Bir vaqtning oʻzida sportning koʻplab turlari bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlgan mazkur sport majmuasining ochilish marosimida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari, boshqarma shaxsiy tarkibi, soha faxriylari hamda yosh sportchilar ishtirok etishdi.
Tadbirda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik R. Sultanxodjayev ishtirok etib, yigʻilganlarni Mustaqilligimizning 32 yilligi bilan samimiy qutladi va ushbu sport majmuasi ichki ishlar organlari xodimlari, qolaversa voha yoshlarining jismonan chiniqishida, nufuzli musobaqalarda gʻalaba qozonishida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi.
Tadbirda soʻz olgan faxriylar bugungi kunda ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sohaning moddiy-texnik bazasi zamon talablariga mos holda mustahkamlanayotgani, ushbu sport majmuasi ham ana shu ezgu ishlarning uzviy davomi ekanligini eʼtirof etishdi.
Shundan soʻng, tadbir ishtirokchilari sport markazi bazasida yaratilgan sharoitlar hamda yangi bunyod etilgan vorkaut majmuasi bilan tanishishdi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
