Tinch-totuv yashay desang,
Dovonlar oshay desang,
Ertang gʻamini yesang,
Vatanni sev, Vatanni.
Boʻlsa dilda himmating,
Shahd toʻla shijoating,
Mudom boʻlsin odating,
Vatanni sev, Vatanni.
Udir koʻngil kaʼbasi,
Gʻurur, nomus — hammasi.
Hech bir gina, tamasiz,
Vatanni sev, Vatanni..
Mard boʻl, shunda oʻzasan,
Yov yoʻlini toʻsasan,
Oʻssa, sen ham oʻsasan,
Vatanni sev, Vatanni.
Vatan otang, onangdir,
Jismu joning, tanangdir,
Eng aziz koshonangdir,
Vatanni sev, Vatanni.
Sotma nomus, vijdoning,
Halol boʻlsin tuz, noning,
Sharti shudir iymonning,
Vatanni sev, Vatanni.
Desang, yurt omon boʻlsin,
Ertam nurafshon boʻlsin,
Musaffo osmon boʻlsin,
Vatanni sev, Vatanni.
©️ Jahongir SHAROFBOYEV
