Milliy va xalqaro sertifikatlarga ega boʻlgan ingliz tili fani oʻqituvchisi Nargiza Mirzabekova taʼlim muassasasining tajribali va jonkuyar oʻqituvchilaridan biri. U oʻquvchilar fanni chuqur oʻzlashtirishi uchun zamonaviy uslublardan keng foydalanadi. Xususan, chet ellik mutaxassislarni litseyga taklif etib, «Traning» va «Speaking club» tashkil qilish orqali dars oʻtish amaliyotini joriy etgan. Bu esa oʻquvchilarning fanni yaxshi oʻzlashtirishiga zamin boʻlmoqda.
Jumladan, Afrikaning Gana davlatidan tashrif buyurgan, hozirgi kunda Shayhontoxur tumani 262-maktabda ingliz tilidan dars berib kelayotgan Isaak Appiah haftaning har shanba kunlari oʻquvchilar bilan ingliz tilida suhbatlar olib boradi. Shuningdek, «University of West Florida»ni bitirib, AQSHning turizm industriyasida faoliyat yuritgan, xalqaro «Lʼoreal» kompaniyasida proffessional iqtisodchi sifatida ishlagan, hozirda «English Friends Education» oʻquv markazi oʻqituvchisi Ravshan Haydarov ham oʻquvchilar bilimini oshirishga oʻz hissasini qoʻshgan.
– Ustozim juda talabchan, ingliz tilini chuqur oʻrganib olishimiz uchun bor imkoniyatini ayamaydi, – deydi N.Mirzabekovaning eng bilimdon shogirdlaridan biri Shahzoda Sharifulina.
– U izlanuvchan, dunyoda roʻy berayotgan har bir innovatsion yangilikdan xabardor boʻlib, uni bizga ham yetkazib turadi. Bundan tashqari, litseyning turli tashkiliy ishlarida ham faol boʻlganligi bois Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlangan. Men mana shunday fidoyi murabbiy qoʻlida tahsil olayotganimdan mamnunman.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
