Tungi soat taxminan 22:30 lar edi. Ziyofatdan chiqqan R.B. piyodalar yoʻlakchasidan uyi tomon borarkan, xonadonlardan birining oldida turgan «Damas» rusumli avtomobilni koʻrib xayoli buzildi. Uning salonidagi qimmatbaho jihozlar yigitchaning nafsini qitiqladi. Asta-sekin mashina oldiga yaqinlashgan R.B. yerda yotgan toshni olib, «Damas»ning oynasini sindirdi. Soʻngra koʻzini quvontirgan barcha buyumlarni olib, juftakni rostladi.
Ertasi kuni bozorga tushgan huquqbuzar ehtiyot qismlar bilan savdo qiluvchi tadbirkorga oʻmarilgan «mollar»ni oʻzimniki deya, aldab sotib, pullarni ehtiyoji yoʻlida ishlatib yubordi.
Olmaliq shahar IIB Navbatchilik qismiga «sim qoqqan» haydovchining xabariga koʻra, tergov-tezkor guruhi bilan birga hodisa joyiga chiqqan EKG katta eksperti, podpolkovnik Lutfulla Tolibov mashina oynasi va uning saloni ichidagi qoʻl-barmoq izlarini oldi. Viloyat IIBB Ekspert-kriminalistika markaziga joʻnatilgan izlar shaxsni identifikatsiya qilish tizimida tekshirib koʻrilganida, R.B.ga tegishli ekanligi aniqlandi. Surishtiruvlar davomida mashinadan olingan buyumlar egasiga topshirilib, jinoyatchi qonun hukmiga havola etildi.
Tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan tajribali xodim yil boshidan hozirgacha 10 dan ortiq jinoyatning «issiq izida» fosh etilishida shaxsiy namuna koʻrsatdi.
– Huquqbuzarlik haqida qanchalik tez xabar berilsa, gumondorni topish ham shunchalik oson boʻladi, – deydi biz bilan suhbatda u. – Boisi, jinoyatga aloqador boʻlgan daliliy ashyolardagi izlar ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan holda darhol «tilga kiradi».
