IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Buxoro viloyatida joylashgan 7536-harbiy qismning qoʻrigʻi ostida boʻlgan Qorovulbozor tumanidagi JIEKda favqulodda vaziyatlarda harakatlanish boʻyicha oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi. Harbiy qismning har qanday vazifaga shay turuvchi Maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi yuqori jangovar shay holatga keltirildi. Favqulodda holat boʻyicha shartli ommaviy tartibsizlikni yuzaga keltirgan olomonni tarqatib vaziyatni oʻz qoʻliga oldilar. Xullas, bir necha kun muddatda yosh harbiy xizmatchilarni bilimi, amaliy koʻnikmasi hamda jismoniy tayyorgarligi yana bir bor sinovdan oʻtkazildi. Oʻzining chidamliligi va mohir merganligi bilan safdoshlariga oʻrnak boʻla oladigan kichik serjantlar S.Xolmatov, H.Marupov, S.Hamdamov va oddiy askar U.Rahimovlar bunga misol boʻla oladilar.
– Har bir harbiy xizmatchi doim olgʻa intilish, faoliyatga ilgʻor yangiliklarni joriy etishga harakat qilishi kerak, –deydi kichik serjant H. Marupov. – Aks holda, xizmatda samaradorlikka erishish mushkul boʻladi. Shu maʼnoda, mazkur yigʻin men uchun tajriba almashish, yangiliklarni kashf etish imkonini bergani bilan ahamiyatli boʻldi.
Maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi shaxsiy tarkibi bilan koʻrgazmali maxsus-taktik tayyorgarlik mashgʻulotlari harbiy xizmatchilarda yaxshi taassurot qoldirdi. Bularning barchasi kelgusi xizmat faoliyatida qoʻl kelishi, shubhasizdir.
S. MUZAFFAROV,
leytenant.
Buxoro viloyati.
