M

Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov Gʻallaorol tumanining “Gulchambar” va “Qipchoqsuv” qishloq fuqarolar yigʻinlarida boʻlib, aholi muammolarini hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu jarayonda yoʻllarni sozlash va elektr taʼminotini yaxshilash yuzasidan hokimlik, viloyat va tuman yoʻl qurilish tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot oʻtkazdi.

Sektor rahbari Jarbuloq qishlogʻidagi 50-sonli oʻrta umumtaʼlim maktabi sharoitlarini ham koʻzdan kechirdi. Oʻz navbatida Gʻallaorol tumani hokimi Jaloliddin Oqboev oʻquv muassasasini kapital taʼmirlash choralari koʻrilishini bildirdi. Shu kuni viloyat IIB boshligʻi tomonidan Qipchoqsuvda oʻtkazilgan sayyor qabulda koʻmak soʻragan gulchambarlik Sevara Kenjaevaga tikuv mashinasi topshirildi.

Soʻng Gulchambar qishlogʻidan oʻtgan 14 kilometrlik taʼmirga muhtoj Zarmitan yoʻli hamda Solin qishlogʻida qurilayotgan beton yoʻl koʻzdan kechirildi. Uchinchi sektor rahbarining tashabbusi bilan hududdagi aholi punktlariga elektr ustunlari oʻrnatish va tarmoq tortish ishlari jadallashdi. Jumladan, oʻtgan 15 kunda Gulchambar qishloq fuqarolar yigʻinida 150 ta ustun hamda 2 ta transformator oʻrnatilgan, 6 kilometr uzunlikda tarmoq tortilgan.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.