Maʼlumki, joriy yilning 22 fevralidan buyon ichki ishlar organlari tizimida “Zarbdor oylik” oʻtkazilmoqda. Taʼkidlash kerakki, oylik doirasida jinoyat qilishga moyil, probatsiya xizmati hisobidagi shaxslar bilan profilaktik ishlar kuchaytirilib, qayta jinoyat sodir etmasligi yuzasidan targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda. Samarqand viloyati IIB Axborot xizmatining xabar berishicha, ayni paytda 251 nafar shaxs Bulungʻur tumani IIB Probatsiya guruhi hisobida turadi. Yil boshidan buyon 36 nafar, oylik doirasida 6 nafar shaxs shartli ravishda jazoni ijro etishdan ozod qilingan boʻlsa, 1 nafar shaxsning jazosi ogʻirlashtirilgan.

Xususan, bugun Bulungʻur tumani IIB Probatsiya guruhi hisobida ozodlikni cheklash jazosini oʻtayotgan nazorat ostidagi shaxs M.Gʻ. jazoning oʻtalmay qolgan muddati davomida sud hukmi bilan belgilangan cheklashlarni buzganligi sababli, sud hukmiga binoan ayni paytdagi jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.

Zarbdor oylik davom etmoqda. Shuni taʼkidlash lozimki, har bir fuqaro nafaqat oylik doirasida, balki doimiy ravishda belgilangan huquq va normalarga rioya etishsa maqsadga muvofiq boʻlardi.