Fargʻona viloyatining Quvasoy shahrida psixotrop dori vositalari kontrabandasi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqida viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 9 dekabr kuni Fargʻona viloyati IIB, Quvasoy shahar IIB, DXX tezkor xodimlari hamda Quvasoy shahar IIB YHXG inspektorlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir davomida Andijon shahrida yashovchi U.U.ga tegishli “Malibu-2” rusumli avtomashina Quvasoy shahar markazida toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Mazkur avtomashinada har biri 10 mg.dan boʻlgan 953 dona “Tropikamed” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida mazkur dori vositalari Quvasoy shahrida yashovchi, voyaga yetmagan S.A.ga tegishli ekanligi maʼlum boʻldi. U esa dorilarni Qirgʻiziston Respublikasidan kontrabanda yoʻlib bilan olib oʻtganligini, unga ushbu dori vositalarini Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh shahrida yashovchi “Nurbek” ismli shaxs yuborganligini bildirgan.
Shuningdek, oʻtkazilgan maxsus tadbir davomida psixotrop dori vositalarini kelgusida olishi kerak boʻlgan Asaka shahrida yashovchi M.A. hamda X.J.lar ham qoʻlga olingan.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
