Joriy yil 7-yanvar kuni Qarshi shahar “Qavali” mahallasida yashovchi fuqaro I.A. “102” xizmatiga qoʻngʻiroq qilib, “Komilon” mahalasi hududidagi bank yonida “Damas” rusumli xizmat avtomashinasidagi 150 million soʻm mikdoridagi pul oʻgʻirlab ketilganini bildirdi.
Viloyat IIB tergov-tezkor guruhi tarkibida voqea joyiga borgan boshqarma Ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti, katta leytenant Abdirazzoq Xudoyberdiyev avtomashina eshiklaridan 6 ta qoʻl-barmoq izlarini oladi. Viloyat IIB EKM avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash tizimida tekshirib koʻrilganida, ushbu qoʻl-barmoq izlari Qarshi shahar “Arabxona” mahallasida yashovchi Sh.A.ga tegishli ekani aniqlandi. Shu tufayli gumonlanuvchi jinoyatni sodir etganini tan oldi.
Hozir holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergov harakatlari olib borilyapti.
Katta ekspert, katta leytenant Abdirazzoq Xudoyberdiev 7 yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilmoqda. Oʻtgan davrda IIV Akademiyasida ekspert-kriminalistika yoʻnalishida oʻqib, 6 turdagi ekspertizalar oʻtkazish huquqiga ega boʻldi.
Birgina oʻtgan yili 250 ta tadqiqot oʻtkazib, 230 tasiga ijobiy xulosalar berishga muvaffaq boʻldi.
Sodiq RAHIMOV,
Oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
