Tuman markazidagi «Kamarsada» mahallasining aholisi 3300 nafarga yaqinlashib qoldi. Mahallaning oʻsish drayveri hunarmandchilik va tadbirkorlik boʻlib, aholi tomonidan tayyorlangan mahsulotlar savdosi ham ekobogʻda tashkil etiladi.
– Ekobogʻ mahallamizning asosiy daromad manbai hisoblanadi. Chevar opa-
singillarimiz uyda ham bekor oʻtirishmaydi. Kamarsadalik xotin-qizlarning nozik did bilan tikkan doʻppilari, soʻzanalari xaridorgir, – deydi Chust tumani IIB JXX HPB profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Elmurod Suleymonov. – Albatta, barcha muvaffaqiyatlarimizni mahalladagi tinch va osoyishta muhit bilan bogʻlash oʻrinli.
Odatda aholi gavjum joylarda jinoyatlar sodir etilishi mumkin. Bu esa oʻz-oʻzidan mahalla koʻrsatkichlariga taʼsir etmasdan qolmaydi. Oʻtgan yil yakuni boʻyicha mahalla «qizil» toifaga kiritilgan edi. «Kamarsada»da faoliyat boshlaganiga bir yil boʻlgan Elmurod Suleymonovning saʼy-harakati bilan joriy yilda mazkur hudud «sariq» toifaga oʻtdi. Demak, kelgusida bundan-da yaxshiroq natijalarga
erishish imkoni bor. Buning uchun Elmurod Suleymonov astoydil harakat qilmoqda.
Podpolkovnik Elmurod Suleymanov yil boshidan buyon 22 nafar fuqaroni profilaktik hisobga oldi. Huquqbuzarlik va aholining muammolarini bartaraf etish boʻyicha mutasaddi idoralarga 3 marotaba taqdimnoma kiritdi, 124 nafar fuqaroning murojaatlari qonuniy bartaraf etilishiga bosh-qosh boʻldi. Hududda 131 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 3 nafar tazyiqqa uchragan xotin-qizga himoya orderi berildi. Uning jonbozliklari natijasida mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklar keskin kamayishiga erishildi.
Hamkor tashkilotlar koʻmagida muqaddam sudlangan fuqarolar, nazorat ostidagi shaxslar bandligi taʼminlanmoqda. Masalan, muqaddam sudlangan fuqaro Begzod Inomov ekoparkka posbonlikka joylashtirildi. Endilikda u hududda osoyishtalikni taʼminlashda podpolkovnik E. Suleymonovga yaqindan yordam bermoqda.
«Kamarsada»da mehnatga layoqatli aholi soni
1820 nafarni tashkil etgani holda, 1640 nafari ish bilan band. Ishsizlar soni kamayib bormoqda. Migrantlar xonadonidagi uchrashuvlarda esa xorijda ishlayotgan fuqarolarni yurtga qaytarish choralari koʻrilmoqda.
Mahalla yettiligi bilan hamkorlikda xonadonma-xonadon aniq, manzilli oʻrganishlar olib borildi. Mahalla fuqarolar yigʻini raisi Baxtiyor Toshxoʻjayev, xotin-qizlar faoli Hanifa Gʻoziyeva bilan 8 ta ajrim yoqasidagi oilalar yarashtirildi.
– «Kamarsada»ni jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida harakatlarimiz davom etmoqda. Hammasi birgalikdagi amaliy harakatlarimizga bogʻliq, – deydi Elmurod Suleymonov ishonch bilan. Biz esa uning masʼuliyatli ishlariga omad va zafarlar tilab qolamiz.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.