... 2019-yili Prezidentimiz tashabbusi bilan ichki ishlar organlarida xotin-qizlar masalalari bilan shugʻullanuvchi lavozim joriy etilgach, Namangan viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari – Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlim boshligʻi lavozimiga tajribali va malakali kadr Nasiba Turgʻunova tayinlangan edi. Men oʻsha paytda opa bilan birga ishlardim.

Nasiba opa oqila, dono, talabchan va qatʼiyatli boʻlib, biz – shogirdlariga bilmaganlarimizni oʻrgatishdan hech qachon erinmasdi. Oʻz kasbini juda yaxshi koʻrar, hujjatlar badastir boʻlmaguncha ish stolidan siljimasdi. Fidoyilik bilan namuna koʻrsatib ishladiki, koʻp fazilatlaridan barchamiz ibrat oldik. 

Ustoz xizmat faoliyati davomida biror marta intizomiy jazoga tortilganini eslolmayman. Deyarli har bayram arafasi vazirlik va boshqarmaning tashakkurnoma, pul mukofotlari bilan taqdirlanganlarida havas-la qarardik. 

Bir voqea sira yodimdan chiqmaydi: bir kuni himoya orderi olgan ayolning turmush oʻrtogʻi norozi boʻlib, dagʻdagʻa qilib kirib keldi. Nasiba Turgʻunova bosiqlik bilan goʻzal muomala qilib himoya orderi berishdan maqsad oilani saqlab qolish kerakligini, oila muqaddas ekanini juda chiroyli misollar bilan tushuntirib berganki, jahl otiga minib kelgan fuqaro muo­malasidan uyalib qoʻli koʻksida, kechirim soʻrab chiqib ketgan. Eshitishimizcha, erkak oʻsha kuniyoq ayolining oldiga borib, kechirim soʻrab, oilasini ajra­lishdan saqlab qolibdi.

Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin. Oʻshanda kasbimizda mahoratli nutq egasi boʻlish ham muhimli­gini anglab yetgandim. Yillar davomida oʻqib oʻrganganlarim ham, koʻrib uqqanlarim ham koʻp. 

Nasiba Turgʻunova bugungi kunda pensiyada oila davrasida. Danagidan magʻzi shirin degandek, oʻgʻli Javohir­ning shirindan-shakar ikki farzandining tarbiyasi bilan mashgʻul.

«Bizga ham sizning yoʻlingizni bersin, ustoz! Doim shogirdlar hurmati, farzandlar ardogʻida yashang», deb tilak bildiramiz. 

Gulnoza RAHMATULLAYEVA,

kapitan.

Namangan viloyati.