Kun qahramoni

1991 yilda Shahrisabz tumanida tugʻilgan. 2014 yilda Rossiya Federatsiyasining Volgograd Politsiya akademiyasini tugatgan. Ilk xizmat faoliyatini Qarshi shahar IIOFMBda ekspert lavozimidan boshlagan. Hozir viloyat IIB EKBda katta ekspert lavozimida xizmat qilmoqda. 

Kapitan B.Ibodullayev joriy yilning oʻtgan davrida xatshunoslik va hujjatlarning texnik kriminalistik ekspertizasi boʻyicha 85 ta tadqiqot oʻtkazdi hamda huquq-tartibot organlariga ijobiy xulosalar berdi. Bu bilan u jinoyatlar fosh etilishiga oʻzining katta hissasini qoʻshdi. 

Qarshi shahrida yashovchi fuqaro X.X. 2020 yil iyun oylarida 0.25ga yer maydoni olib berishni vaʼda qilib, tanishi T.T.ni aldab, 65 000 AQSH dollari miqdoridagi pulni qoʻlga kiritadi. U T.T.dan pul olgani haqida jabrlanuvchiga tilxat yozib beradi. Aldanganini bilgach, T.T. ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qiladi. Tergov davomida esa X.X. oʻzi yozgan tilxatni tan olmaydi. 

Holat yuzasidan xatshunoslik ekspertizasi tadqiqotlari oʻtkazgan kapitan B.Ibodullayev tilxat haqiqatdan ham X.X.ga tegishli ekanligini aniqlaydi. 

Oʻz xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashadigan kapitan Baxtiyor Ibodullayevning xizmat faoliyatida bu kabi misollar koʻplab topiladi. 

Sodiq RAHIMOV,

“Postda” muxbiri.

Qashqadaryo viloyati.