Tungi soat 02:30 lar atrofida profilaktika katta inspektori, kapitan Suhrob Ergashev oʻziga biriktirilgan Vobkent tumani Diyor mahallasini aylanib yurgan paytida qoʻshni mahalla hududidagi holat hushyor tortirdi. Yaʼni, Xalach mahallasiga qarashli “Toshpoʻlat” fermer xoʻjaligi bugʻdoy dalasining magistral yoʻl tomonida Toshkentning “01” raqamli “Spark” rusumli avtomashina turgan edi. Suhrob mashinaga yaqinlashdi. Haydovchi koʻrinmagani uchun atrofni aylandi. Hech kim koʻrinmagach, fermerga qoʻngʻiroq qildi. Undan bugʻdoyga suv olgan yoki olmaganini va ishchilarining shunday mashinasi bor-yoʻqligini aniqladi. Fermerning javobi uni yanada hushyorroq boʻlishga undadi. U tuman IIB navbatchilik qismiga qoʻngʻiroq qilib, yordamchi kuch soʻramoqchi boʻlib turganda, uzoqdan bir sharpa koʻrindi.
Kapitan S. Ergashev oʻzini tanishtirib, haydovchiga bu yerda nima qilib yurganini va mashinaning hujjatini soʻradi. Mashinaning hujjati joyida ekan.
– Qashqadaryolik fermerman. Buxoro shahriga ketayotgandim. Daladagi tomchilatib sugʻorish agregatlariga koʻzim tushdi. Qiziqib bir koʻray deb tushgan edim, – dedi haydovchi yolgʻon-yashiqlarni toʻqib.
Bu javob shubha uygʻotdi. Chunki Buxoro shahriga ketyapman, degan haydovchi mashinasini qarama-qarshi tomonga qoʻygan. Qolaversa, nasos ishlamayapti. Kapitan uni bir amallab tuman IIBga olib borish rejasini tuzdi.
– Maʼqul. Ammo xizmat xonamga oʻtsak. Qayd daftariga kiritib qoʻysak. Keyin bemalol ketaverasiz, – dedi.
“Mehmon” mashinasini qulflamoqchi boʻlganda, kapitan S. Ergashev chaqqonlik bilan:
– Aka, sizning mashinangizda bora qolaylik. Oʻzim boshqarib boraman, – dedi.
“Mehmon” “toʻrga ilinganini” sezib, S. Ergashevga kelishishni taklif qildi. Hattoki 500 AQSh dollari vaʼda berdi. Kapitan “boraylik-chi, keyin oʻylashib koʻramiz”, deya tuman IIBga olib bordi va tezkor guruhga topshirdi. Keyin u tuman IIB boshligʻiga qoʻngʻiroq qilib, holatni tushuntirdi.
“Mehmon” tezkor surishtiruv jarayonida asli samarqandlik D.A. ekanligini, sheriklari – S.A., T.Oʻ., R.Sh. hamda toshkentlik sotib oluvchi, rus millatiga mansub S.D.lar borligini aytib, barcha qilmishlarini tan oldi. Darrov osoyishtalik posbonlari maxsus guruh tuzib, qoʻlga olish operatsiyasini boshlashdi. Tadbir muvaffaqiyatli oʻtdi, oʻgʻrilar qoʻlga olindi.
Shunday qilib, kapitan S. Ergashevning hushyorligi tufayli bir kechaning oʻzida toʻrtta jinoyat fosh etildi. Oʻgʻrilar tomchilatib sugʻorish nasos agregatlari va elektroshitlarni yechib olib ketishayotgan ekan. Shundan bittasi Gʻijduvon tumanining Gulistonobod mahallasi hududidagi fermer xoʻjaligidan, yana bittasi Kogon tumani Kogon mahallasi hududida joylashgan fermer xoʻjaligidan, qolgan ikkitasi aynan Vobkent tumanida sodir etilgandi. Bu hali hammasi emas ekan. Mazkur holatlar aniqlangach, birin-ketin respublika boʻylab sodir etilgan oʻgʻriliklar ochildi. Yana aniqroq aytadigan boʻlsak, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hamda viloyatimizning Peshkoʻ, Romitan, Qorakoʻl tumanlaridagi oʻndan oshiq jinoyatlar fosh etildi.
Kapitan Suhrob Ergashevning bu jasorati uchun viloyat IIB rahbariyati pul mukofoti berdi va tuman hokimi televizor sovgʻa qildi.
Vobkent tumani IIB HPB profilaktika katta inspektori, kapitan Suhrob Ergashevning xizmat faoliyati davomida bunday misollarni koʻplab uchratish mumkin. U 2010 yilda Buxoro davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlagan. Keyin uch yil tumandagi 24-sonli umumtaʼlim maktabida oʻquvchilarga jismoniy tarbiya fanidan saboq bergan. 2013 yildan boshlab ichki ishlar organlarida faoliyat koʻrsatib kelyapti. Dastlab viloyat IIB PPX va JTSB PPX batalʼonida safdor xodim sifatida xizmat qilgan. Hozirda Vobkent tumani IIB HPBda xizmat faoliyatini samarali davom ettirmoqda.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
