Asli qiziltepalik kapitan Vahob Shermatov 11 yildan buyon Ichki ishlar tizimida faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda u Qiziltepa tumani Uzilishkent mahallasida profilaktika inspektori vazifasida xizmat burchini oʻtamoqda. Tinchlik, osoyishtalikni taʼminlash uchun xizmat vazifasini olib borayotgan mazkur mahallada 3033 nafar aholi istiqomat qiladi. Oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashadigan qahramonimiz har kungi ishini erta tongdan mahalla koʻchalarini kuzatishdan boshlaydi. Mahallani ozoda va orastaligiga alohida eʼtibor qaratadi. 

Hududda joylashgan 29-sonli umumtaʼlim maktabidagi davomatni har kuni tekshiradi. Darsga qatnashmagan yuqori sinf oʻquvchilarining uyiga borib sababini oʻrganadi. Kunlik ish rejasidagi ishlarni tugatgach, muammoli oilalar, spirtli ichimlikka ruju qoʻygan fuqarolar, er-xotin munosabatlaridagi ziddiyatli masalalar bilan shugʻullanadi. Shu bilan birga jinoyat qilishga moyil shaxslar bilan alohida suhbatlashishga ham albatta imkon topadi.  

Ayni kunning qahramoni Vahob Sheramatov hududdagi probasiya xodimidan topshiriq oldi. Maʼlumotlarga koʻra, Probasiya hisobida turgan Uzilishkent mahallasida yashovchi M.N yashash uyida yoʻqligi sababli unga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan edi. Kapitan Vahob Shermatov maxsus tadbir uyushtirib 3 kun ichida qidiruvdagi fuqaroni topishga muvaffaq boʻldi. Fuqaro M.N hozirda tuman Prbasiya xodimlari nazoratida. Tirishqoq, oʻz ishiga sidqidildan yondashadigan qahramonimiz esa el xizmatida davom etmoqda.  

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.