Aql va bilim shunday xazinaki, qancha ishlatsak ham tugamaydi, balki hayotimizga mazmun kirib, turmushimiz farovonlashib boraveradi. Ammo oramizda shunday insonlar borki, bu bebaho xazinani behuda sarf etadi. Ular insoniylik yuzasidan maslahat berib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatganlarni ham tan olmaydi. Bu ularning eng katta xatosidir. Shunday paytlarda odamlar bir-biriga koʻzgu, odobsizdan odob, aqlsizdan aql oʻrgan kabi iboralar oʻz-oʻzidan emas, hayotiy haqiqatlar tufayli yaralganiga amin boʻlamiz. Yana bir tashvishli jihat shundaki, ayrimlar qoʻl urgan ishi xatoligini koʻra-bila turib, uni toʻxtatmasligi bilan navbatdagi muammoni «sotib oladi». 

Asli jizzaxlik, hozirda Samarqand viloyati Jomboy tumanida yashovchi Rustam (ism-shariflar oʻzgartirildi) shundaylardan chiqib qoldi. Uning noqonuniy harakatlari jinoyat ishlari boʻyicha Jomboy tumani sudi tomonidan huquqiy baholanib, Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalariga asosan, 3 yil-u 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi. Biroq Rustam sud tomonidan oʻrnatilgan soat 22 dan 7 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida yashash uyidan chiqmaslik cheklovini bir necha bora buzgan. Tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan oʻziga tegishli xulosa chiqarmagan, balki jazoni ogʻiriga almashtirmaslik uchun Jomboy tumani IIB JXX probatsiya guruhi inspektori, kapitan Doston Abduqahhorovga 1000 AQSH dollarini pora tariqasida taklif qilgan. 

 Kapitan Doston Abduqahhorov unga qilayotgan harakati noqonuniyligini, pora berish-olish jinoyat ekanligini bir necha bor tushuntirgan, lekin u fikridan qaytmagan. Shundan soʻng inspektor Samarqand viloyati IIB boshligʻi nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan. 

Mazkur holat yuzasidan 2023-yil 2-fevral kuni oʻtkazilgan tezkor tadbirda Rustam kapitan Doston Abduqahhorovga 7 million 500 ming soʻm miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan paytida ushlanib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Xoʻsh, endi bu ishlardan keyin qanday xulosaga kelish mumkin? Dono xalqimiz tilida «Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi», degan maqol bor. Oramizda Rustam singari ustomonlik bilan qonun doirasidan chiqib, kamiga oʻzining nomaʼqul qilmishini xaspoʻshlashga urinadiganlar yoʻq emas, albatta. Quvonarlisi, kapitan Doston Abduqahhorovdek halol, vijdonli qonun posbonlari bor ekan, har qanday noqonuniy harakatga huquqiy baho beriladi va adolat qaror topadi. 

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.