Mirobod tumani IIOFMB 3-sonli IIB navbatchilik qismi katta inspektor navbatchisi, kapitan Farruh Xudoyqulov xizmat vazifasini bajarayotgan chogʻda telefon jiringladi. Shu payt taxminan soat 17:51 lar atrofi edi. “Zaminobod” mahallasi Qizil Arvat koʻchasida istiqomat qiluvchi P.J. ismli ayol uyida ishlagan usta isitish katyolini oʻgʻirlab ketganligi toʻgʻrisida xabar berdi.

Xodim zudlik bilan voqea joyiga tergov-tezkor guruhini yoʻnaltiradi. Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida gumonlanuvchi qoʻlga olinadi, jinoyat “issiq izida” fosh etiladi. Qahramonimiz shunga oʻxshagan koʻplab huquqbuzarlik va jinoyatlarning ochilishida oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

U 1989-yilda tavallud topgan. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini tamomlagan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini esa 2018-yilda Mirobod tumanidagi “Tong yulduzi” mahallasida profilaktika inspektorligidan boshagan. Hozirgi vazifasida 2022-yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Oilali, ikki nafar farzandi bor.

Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri .