Har bir sohaning oʻz fidoyilari bor. Ularni boshqalardan ajratib turadigan jihat shundaki, oʻz zimmasidagi burchga masʼuliyat bilan qarashida, ishga munosabatni birinchi galdagi yuksak vazifa deb bilishidadir.
Qahramonimiz Abdullajon Olimov haqida ham shunday iliq fikrlarni aytish mumkin. U 1978-yilda Toʻraqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Oʻrta maktabni tamomlagach, ichki ishlar organida ishlashni niyat qildi.
Serjant Abdullajon oʻz faoliyatini 1998-yilda Namangan viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boʻlimi tezkor taʼsir koʻrsatuvchi militsiya otryadi tezkor rotasi militsioneri lavozimida boshlagan. Keyinchalik turli lavozimlarda ishlab, 2013-yildan buyon boshqarmaning Ijtimoiy-siyosiy ommaviy madaniy tadbirlarni oʻtkazishda xavfsizlikni taʼminlash otryadi operatori lavozimida xizmat qilib kelmoqda.
Abdullajon xizmat faoliyati mobaynida tirishqoqliligini namoyon etib, belgilangan vazifa va topshiriqlarni oʻz vaqtida bekamu koʻst bajarib kelishi bilan koʻpchilikka ibrat boʻlib kelmoqda. U oʻzining nazariy bilimlarini, kasbiy mahorati va tajribalarini xizmatga kelgan yosh xodimlarga ham oʻrgatmoqda.
Yaqinda Navroʻz bayrami arafasida A. Olimov Ichki ishlar vazirligining II darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Darhaqiqat, ushbu yuksak mukofot uning vatanparvarligi, oʻz kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgani uchun berilgan ragʻbatdir.
Gulchehra BUVAMIRZAEVA,
“Postda” muxbiri,
Namangan viloyati.
