– Jamshid aka, siz el eʼtiboridagi suxandonlardan birisiz. Bu darajaga erishishning oʻzi boʻlmagandir?

– Bilasizmi, kasbimga juda qiziqqanman. Jamiyatning bir boʻlagi sifatida odamlarga yuzlanganimda, doimo katta masʼuliyatni his qilaman. Keyin esa koʻnglimda sharaf hissi barq uradi. 

Faoliyatim qiziqarli taassurotlarga toʻla. Koʻplab taniqli va mashhur odamlar bilan uchrasha­man, maroq bilan suhbatlasha­man. Kasbim esa jamiyatning muhim aʼzosi boʻlishimga yordam berdi. Doim oʻz ustimda ishlashga, intellektual salohiyatimni boyitishga, muntazam rivojlanib borishga harakat qilaman. 

 – Oʻzi bu sohaga qiziqish qachon paydo boʻlgan? Bolalikdagi oppoq orzular boismi yo keyinroq bu kasbni tanlaganmisiz?

– Yoshligimdan televizor tomosha qilib oʻtirganimda diktorlarning oʻktam ovoz bilan tadbirlarni olib borishlari, davlat rahbarlari oldida viqor bilan soʻzlashlarini koʻrib, ularga juda havas qilardim. Bu orzu menga hech tinchlik bermadi. Har bir bolaning qalbida isteʼdod bulogʻi boʻladi. Mana shu buloq koʻzlarini ochishda fidoyi ustozlarning xizmati beqiyosdir. Maktabda oʻqib yurganimda, darslarimiz tugasa ham, uyga ketmasdan, ona tili va adabiyot oʻqituvchimizning oldiga borib, shu kasbga oid savollarni berardim. Oʻzim qiziqqan mavzularda mustaqil ishlar tayyorlab kelardim. Ustozimning tavsiyalariga doim amal qilardim. 

– Oʻzbekiston televideniye­sidagi jamoadoshlaringiz, umuman, ijodiy muhit haqida ham gapirib bersangiz. 

– Tarixning buyuk kashfiyotlaridan biri – televizor Toshkentda yaratilganini bilasiz. Televideniye oʻz davrida millionlab insonlarni hayratga solgan, kuldirgan, yigʻlatgan.

Yillar oʻtib, uning har bir yoʻnalishida ustoz-shogird anʼanasi paydo boʻldi. Raʼno Joʻrayeva, Nasiba Qambarova, Mirzohid Rahimov, Shuhrat Qayumov, Abdumoʻmin Oʻtbosarov, Mirzohid Rahimov, Dilorom Umarova, Galina Melnikova kabi ustozlar shu soha fidoyilaridir.

Hozirda davlat miqyosidagi deyarli barcha tadbirlar, bayram dasturlari va konsertlar toʻgʻridan toʻgʻri nafaqat oʻzimizga, balki dunyo mamlakatlariga yuqori sifatda translyatsiya qilinmoqda. Keyingi yillarda «Oʻzbekiston-24», «Oʻzbekiston», «Toshkent», «Oilaviy», «Mahalla» telekanallarida «Axborot», «Tahlilnoma», «Yangiliklar», «Studiya-24», «Munosabat» kabi ijtimoiy-siyosiy mavzudagi oʻnlab dasturlar toʻgʻridan toʻgʻri namoyish etiladigan boʻldi.

– Jurnalistikaning va jurnalistning jamiyatdagi oʻrnini qanday baholaysiz?

– Jurnalistika – goʻyo ensiklopediya. Siz har bir sohadan ozmi-koʻpmi maʼlumotga, hech boʻlmaganda tasavvurga ega boʻlishingiz talab etiladi. Soʻzdan soʻzni farqlash, soʻzni topib gapirish – bularning bari bilim. Jurnalistika davriylik boʻyicha matbuot, radio, televideniye va internetdan iborat. Ularning orasida televideniye ham koʻhnalashib borayotgan jurnalistikaning bir turiga aylandi. Televideniye – bu klassika. Hozirda internet jurnalistikasi ham albatta televideniyedan andaza oldi va rivojlanmoqda. 

– Sizning baxtiyor inson qiyofasida gavdalanishingiz kasb taqozosimi yoki asliyat?

– Bilasizmi, bu avvaliga kasb taqozosi boʻladi. Keyinchalik esa asliyatingizga singib, fazilatlaringizdan biriga aylanadi. Insonlar meni televizor orqali qanday koʻrishgan boʻlsa, hayotda ham shunday yurishga, baxtiyor, tetik qiyofada koʻrinishga harakat qilaman. 

– Bir suhbatingizda eshitgandim, ishning koʻpligidan, topshiriqlardan qoʻrqmasligingizni aytgansiz... Bu ishingizni chin dildan yaxshi koʻrishingizdanmi yoki boshqalarga motivatsiya berish uchunmi?

– Ha, albatta, oʻz ishimdan zavq olaman. Hech kim ish bilan qoʻrqita olmaydi. 

– Davlat tadbirlarida, xalq xizmatlarida kimlar bilan ishlashni yoqtirasiz?

– Hamma bilan birga ishlayman. Shogirdlarimdan oliy maqomdagi jurnalist, boshlov­chilar Dildora Rustamova, Nilufar Sotiboldiyeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Dilnoza Kubayevalar bilan birga koʻplab tadbirlarni olib boramiz. Iloji bori­cha sahnalarda yonimdagi hamrohni tanlamaslikka harakat qilaman. Sababi, yoningizda doim bir inson boʻlsa, uning soʻzlari yod boʻlib ketadi. Hozir bu gapni gapiradi, keyin unday deydi, deb turasiz. Bunday vaqtda ishdan zavq olish hissi yoʻqolib qoladi. 

– Kimlarni oʻzingizga ustoz deb bilasiz? Shogirdlaringiz ham bormi?

– Ustozlarim benazir insonlar. Menga ustozlik qilgan va sahnadosh boʻlganlar davrimizning eng yetuklari. Ularga doim chin qalbdan minnatdorlik bildiraman. Shogirdlarim hozirda respublikaning eng yetakchi davlat va xususiy telekanallarida faoliyat olib borishmoqda. Ular eng talab kuchli boʻlgan jurnalist, suxandonlarga aylanishmoqda. Ularni doim kuzatib turaman va nafaqat sahnada, balki hayotda ham koʻmak berishga intilaman. 

– Endi oilangiz haqida ham qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz.

– Rafiqam Dilnoza Umirzoqova «Uzbekistan Fashion Week» asoschisi va rahbari. Mamlakatimizdagi yosh dizaynerlarning xorijdagi namoyishlariga katta dalda beruvchi yagona platforma «Anor» milliy modalar uyining dizayneri va rahbari sifatida faoliyat yuritadi. Uch qiz va bir oʻgʻilning otasiman. Hozir ayolim tugʻuruqxonada. Yana bir oʻgʻil farzand kutyapmiz. Gazetada intervyu chop etilgunga qadar farzandim ham dunyoga keladi, nazarimda. 

– Sevimli mashgʻulotingiz...

– Albatta, kitob oʻqiyman. Yaxshi filmlarni tomosha qilaman va undagi oʻzimga yoqqan kichik parchasiga uyimdagi kompyuter jihozlari orqali ovoz berishga harakat qilaman va uni hech qayerga tarqatmayman. 

– Ichki ishlar organlari faoliyati haqidagi fikr­laringiz oʻquvchilarimiz uchun qiziqarli...

– Tinchlik bor joyda taraqqiyot boʻladi. Mana shunday goʻzal diyorda tinch va osuda, farovon hayot kechirishimizda ichki ishlar organlari xodimlarining munosib hissalari bor. Har qanday ob-havo sharoitiga qaramasdan, jamoatchilik toʻplanadigan joylarda ichki ishlar xodimlari doimo xalq xizmatiga kamarbasta. Ularning fidoyilarcha xizmatini koʻrib doim rahmat aytaman. Azizlar, xalq osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida hech qachon tolmang, deyman! Zero, osoyishta goʻshada bola kulgusi yangraydi, ota-ona qalbi farzand kamolidan quvonchga toʻladi. 


 Madina QAHHOROVA suhbatlashdi.