Oʻqituvchilik – kasblar ichida eng ulugʻi va sharaflisidir. Oʻqituvchi shogirdiga bilim berish bilan birga, uning taʼlim-tarbiyasi va xulqining ham ijobiy tomon oʻzgarishiga beminnat hissa qoʻshuvchi fidoyi insondir. Shu bois oʻqituvchi boʻlib ishlayotganligimdan har doim haqli ravishda faxrlanaman. Bu faxr hissi zimmamga katta masʼuliyat bilan birga majburiyat ham yuklaydi.
Mustaqil yurtimizda istiqlol yillarida oʻqituvchi-murabbiylarga, ayniqsa, taʼlim sohasiga alohida eʼtibor berilyapti. Xususan, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish va uni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning navbatdagi bosqichi sifatida Prezidentimizning 2021 yil 15 apreldagi «Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori imzolanganligi muhim voqea boʻldi. Qarorga muvofiq, uzluksiz oʻquv-karera jarayoni tizimi xizmat, jangovar va jismoniy hamda maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik yoʻnalishlarida olib borilayapti.
Aytib oʻtish joizki, kasbdoshlarimizning samarali faoliyat olib borishlari uchun keng imkoniyat hamda shart-sharoitlar yaratildi. Ayniqsa, sohani rivojlantirishga alohida hissa qoʻshgan pedagog-xodimlar mehnatining ragʻbatlantirib borilishi biz – taʼlim sohasida ishlovchi ustoz-murabbiylarning yanada koʻproq mehnat qilishimiz va izlanishimizga turtki boʻlmoqda.
Ichki ishlar organlari safdor, serjant, ofitser va rahbar xodimlarining xizmatdan ajralmagan holda bevosita joylarda malakasini oshirishni taʼminlash maqsadida masofaviy va mobil sayyor kurslarni oʻtkazish amaliyotini joriy etilganini alohida eʼtirof etish lozim.
Ustozlar haqida gap borganda hazrat Alisher Navoiyning ushbu baytlari har doim yodga kelaveradi. Zero, bu ulugʻ zotlar haqida Navoiydan oshirib bir soʻz aytmoq mushkuldir.
Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqutmish ranj ila,
Aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Gʻayrat TOSHQULOV,
IIV Malaka oshirish instituti
katta oʻqituvchisi, mayor.
