Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat davomida turli vaziyatlarga duch kelishadi.

Kuni kecha D. Sharifboyeva Toshkent shahar IIBBning internetdagi Facebook sahifasida «Aholi bilan muloqot» guruhiga yozib, unga yordam bergan YPX xodimiga oʻz minnatdorligini bildirdi. Shoshilinchda ayol osoyishtalik posbonining ism-sharifini, qaysi boʻlimda faoliyat olib borishini soʻrashga ulgurmagan. Soʻngra IIBBga kelib, sodir boʻlgan voqeani batafsil aytib berdi.

– Men bozorda edim. Oʻsha yerdan qizimga qoʻngʻiroq qildim, lekin u javob bermadi. Keyin kuyovimga qoʻngʻiroq qildim – yuragim negadir bezovta boʻla boshladi... Keyin nabiram kuyib qolganini maʼlum qilishdi. Men darhol ularning yoniga oshiqdim, – deydi u.

Ayolning soʻzlariga koʻra, uning 2 yosh-u 8 oylik nevarasi kuyib qolgan va hushini yoʻqotgan. Bolani zudlik bilan shifoxonaga olib borish kerak edi.

– Mashinada ketdik. Shaharda tigʻiz vaqt. Yoʻllar tirband. Haydovchilar oʻtkazib yuboray demasdi. Birdan patrul mashinasini koʻrib qoldim, uning yoniga borib toʻxtadik. Nimalar deganimni hozir eslay olmayman... Xodim avtomobil saloniga nazar tashlab, nabiramning ahvolini koʻrdi va darhol mashinasining ortidan borishni aytdi. Uning yordami bilan bir necha daqiqa ichida kasalxonaga yetib borishga muvaffaq boʻldik.

Ichki ishlar organi xodimining tezkor qarori tufayli ogʻir ahvoldagi nabiramning hayoti saqlab qolindi. Undan cheksiz minnatdorman. Mana shunday fidoyi xodimlar bor boʻlsin. Bu xodimning oʻz vaqtida qilgan tezkor harakati hamkasblariga oʻrnak boʻladi, albatta, – deydi bolajonning buvisi.

IIBB YHXB Yoʻl patrul xiz­mati brigadasi 3-batalyon 3-safarbar guruhi inspektori, kichik serjant Farruh Choriqulovning aytishicha, u avval ham bu kabi holatlar haqida hamkasb­laridan eshitgan va shu bois oʻzini yoʻqotib qoʻymay, toʻgʻri qaror qabul qilgan.

– Shayxontohur tumani Nurafshon koʻchasida xiz­mat olib borayotganimizda yonimga bir mashina kelib toʻxtadi. Nabirasi tibbiy yordamga muhtojligi sababli kuchli hayajonga tushgan ayol uni tezroq Chilonzorda joylashgan shifoxonaga yetkazish zarurligini aytib, yordam soʻradi. Koʻchalar nihoyatda tirband edi, haydovchilar ularga zoʻrgʻa yoʻl berishardi... Lekin kechiktirish mumkin emasdi. Odamlarning chin qalbdan samimiy minnatdorligi yanada fidoyilik bilan xizmat qilish uchun ragʻbatdir, – deydi kichik serjant Farruh Choriqulov.

Oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.