Tarixning achchiq sabogʻi

Insoniyat tarixi shuni koʻrsatadiki, yuksalish ham, tanazzul ham avvalo insonning ichki dunyosidan boshlanadi. Baʼzan ulkan imperiyalar ham birgina xato, birgina kibr yoki birgina beparvolik tufayli qulab tushgan. 1912-yilda Atlantika okeanida halokatga uchragan «Titanik» layneri ham ana shunday ogohlantiruvchi timsollardan biridir.

Oʻsha paytda u dunyoning eng yirik, eng hashamatli va eng zamonaviy kemasi sifatida eʼtirof etilgan edi. Ayrimlar «uni hatto Tangri ham choʻktira olmaydi», degan gʻururli daʼvolarni ham aytishgan. Ammo tabiatning oddiy bir muz togʻi oldida insonning bu kibrli ishonchi chil-parchin boʻldi. Bir necha soat ichida ulkan layner suv qaʼriga ketdi, minglab insonlar halok boʻldi.

Bu voqea tarixda shunchaki dengiz fojiasi boʻlib qolmadi. U insoniyatga juda chuqur bir haqiqatni eslatdi: moddiy qudrat qanchalik ulkan boʻlmasin, maʼnaviy hushyorlik boʻlmasa, u baribir halokatga yuz tutadi.

Bugun oradan bir asrdan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, «Titanik» sabogʻi insoniyat uchun hanuz dolzarbdir. Chunki tarixning eng ogʻir fojialari koʻpincha tashqi kuchdan emas, balki ichki beparvolikdan boshlanadi.

Koʻrinmas, ammo xavfli

Bugungi zamon texnologiya, axborot va imkoniyatlar asri. Insoniyat ilm-fan va texnika yutuqlari bilan mislsiz darajada oldinga siljimoqda. Ammo ayni paytda jamiyat oldida koʻrinmas, juda xavfli bir «muz togʻi» ham paydo boʻlmoqda. Bu — maʼnaviy beparvolik va ruhiy boʻshliqdir.

Agar jamiyat moddiy taraqqiyot ortidan quvib, maʼnaviy poydevorini unutsa, bu holat kemaning yoʻlida paydo boʻlgan muz togʻidan ham xavfliroq boʻlishi mumkin. Chunki moddiy halokat koʻzga koʻrinadi, maʼnaviy tanazzul esa sekin, sezilmas tarzda kirib keladi.

Bugun globallashuv shamollari butun dunyoni qamrab olgan. Internet, ijtimoiy tarmoqlar, ekranlar orqali turli gʻoyalar yoshlar qalbiga kirib bormoqda. Afsuski, ularning hammasi ham ezgulik va maʼnaviyatga xizmat qilavermaydi. Zoʻravonlikni targʻib qiluvchi filmlar, yengil hayotni ulugʻlovchi madaniyat, oʻzlikni inkor etishga undovchi qarashlar asta-sekin yoshlar ongiga taʼsir koʻrsatmoqda.

Natijada ayrim yoshlar haqiqiy qahramonlik nima ekanini unutib, soxta «ideal»larga ergashib qolish xavfi tugʻilmoqda.

Oʻz ildizidan kuch 

olgan millat

Vaholanki, bizning tariximiz va maʼnaviy merosimiz bunday soxta timsollarga ehtiyoj qoldirmaydigan darajada boydir. Bu yurt davlatni adolat bilan boshqarish namunasi boʻlgan Amir Temur, Vatan erkinligi uchun jonini tikkan Jaloliddin Manguberdi, ilm va haqiqatning nurini butun dunyoga taratgan Imom al-Buxoriy kabi ulugʻ zotlarni yetishtirgan zamin. Ularning hayoti mardlik, vijdon, sadoqat va eʼtiqod maktabidir.

Shunday ulkan maʼnaviy xazinaga ega boʻlgan millat farzandlari nega begona madaniyatning yuzaki qahramonlariga mahliyo boʻlishi kerak? Nega ular oʻz ildizidan kuch olish oʻrniga, oʻzligini unutish yoʻliga kirib qolishi kerak? Bu savollar bugun har bir ota-ona, ustoz va murabbiy oldida turgan muhim masalalardandir.

Jamiyatning maʼnaviy qalʼasi

Jamiyatning kelajagi avvalo oilada shakllanadi. Oila – bu insonning ilk maktabi, vijdonining shakllanish maskani, mehr va masʼuliyatni oʻrgatuvchi muqaddas makondir.

Agar farzand ota-ona mehridan, samimiy suhbatdan, ruhiy yaqinlikdan mahrum boʻlsa, uning qalbida boʻshliq paydo boʻladi. Bu boʻshliq esa albatta boshqa, koʻpincha yot gʻoyalar bilan toʻldiriladi.

Buyuk jadid maʼrifatparvari Abdurauf Fitrat oʻzining «Oila» asarida bejiz shunday demagan: «Kim bad­axloq bolalarni tarbiya etsa, insoniyatga dushmanlik qilgan boʻladi».

Bu fikrning tagida chuqur maʼno yotadi. Chunki bugun tarbiyalanayotgan bola ertaga jamiyatni boshqaradi, uning yoʻlini belgilaydi. Demak, har bir ota-ona aslida nafaqat oʻz farzandini, balki kelajak jamiyatini ham tarbiyalayotgan boʻladi.

xulosa 

oʻrnida

Haqiqiy muvaffaqiyat faqat boylik orttirishda emas. Boylik vaqtinchalik boʻlishi mumkin, mansab ham oʻtkinchi. Ammo pokiza vijdon, mustahkam eʼtiqod va yuksak odob insonni har qanday sinovdan olib oʻta oladigan kuchdir.

Farzandlarimizga eng katta meros – bu moddiy boylik emas, balki toza nom, halol mehnatga muhabbat va oʻzligini anglashdir. Chunki inson uchun eng katta kashfiyot – bu oʻzini, oʻz ildizini va oʻz masʼuliyatini anglashdir. Agar jamiyat ana shu qadriyatlarga tayanib yashasa, hech qanday «muz togʻi» uning yoʻlini toʻsa olmaydi.

Bugun har birimiz oʻzimizga bitta savol berishimiz kerak: biz kelajak sari suzayotgan maʼnaviy kemamizni qanchalik hushyorlik bilan boshqaryapmiz? Agar oilada mehr, tarbiyada masʼuliyat, jamiyatda esa maʼnaviyat ustuvor boʻlsa – bu kema albatta xavfsiz manzilga yetadi.

Ammo beparvolik, loqaydlik va maʼnaviy boʻshliq hukm sursa, tarixdagi «Titanik» fojiasi boshqa bir koʻrinishda yana takrorlanishi mumkin.

Shuning uchun ham har bir vijdonli inson oʻz qalbida bir haqiqatni saqlashi lozim: kelajak tasodifan yaratilmaydi. U bugun ekilayotgan tarbiya urugʻlaridan unib chiqadi. Demak, maʼnaviy «Titanik» fojiasiga yoʻl qoʻymaslik butun jamiyatning muqaddas burchiga aylanmoq.


Muhayyo SULTONOVA,

Uchqoʻrgʻon tumani ixtisoslashtirilgan maktab oʻqituvchisi.

Namangan viloyati.