Sarhadlari qoʻshni davlatlar bilan tutashib ketgan Dehqonobod tumanida 103 ta umumtaʼlim maktabi, 2 ta kasb-hunar maktabi va Tibbiyot kolleji mavjud. Bu taʼlim muassasalarida 32 mingga yaqin oʻgʻil-qizlar tahsil oladi.

Joriy yilning dastlabki 4 oyi davomida tuman IIB HPB voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlari tomonidan voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Mahalla faollari, oʻquv muassasalari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi, yoshlar tashkilotlari va boshqa mutasaddi idoralar vakillari bilan hamkorlikda faoliyat olib borilayotgani xizmatda samaradorlik omili boʻlmoqda. 

– Afsuski, voyaga yetmaganlar bilan profilaktik ishlar olib borilayotganiga qaramasdan, nazoratsiz qolgan yoki ota-onaning farzand tarbiyasiga salbiy taʼsiri natijasida xatti-harakatlari, xulqida salbiy oʻzgarishlar kuzatilgan 26 nafar oʻsmir profilaktik hisobga olindi, – deydi tuman IIB HPB voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha katta inspektor-psixologi, podpolkovnik Olimjon Xushvaqtov. – Farzandlari tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatgani uchun 71 nafar ota-onaga nisbatan maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanildi. 

Yoshlarning muammolarini hal etish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yilning oʻtgan davrida «Yoshlar – kelajak bunyodkori» shiori ostida 16 marta «Hokim va yoshlar» mavzusida uchrashuvlar oʻtkazildi. 500 nafarga yaqin yoshlar qamrab olingan mazkur uchrashuvlarda 110 ta taklif va muammoli masalalar bildirilib, shundan 94 tasi hal etildi, 16 tasi boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Oʻquvchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, iqtidorli oʻquvchilarni aniqlash va ragʻbatlantirish maqsadida «Tafakkur sinovlari», «Siz qonunni bilasizmi?», «Yoshlar va qonun» tanlovlari tashkil etildi.

Joylarda yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar oʻrtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni muntazam ravishda tahlil qilib borish, ularning asl sabablarini oʻrganish maqsadida Yoshlar agentligi tuman kengashi hamda IIB oʻrtasida ikki taraflama axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi.

Sodiq RAHIMOV,

«Postda» muxbiri.

Qashqadaryo viloyati.