Oʻrganishlar Qiziltepa tumanidan boshlanib, keyinchalik Navoiy shahri, Karmana, Xatirchi, Nurota tumanlari, Gʻozgʻon shahri, shuningdek viloyatning olis shimoliy hududlari — Tomdi, Uchquduq tumanlari va Zarafshon shahrida davom ettirildi.
Ishchi guruh har bir hududda ichki ishlar boʻlimlari faoliyati, kriminogen vaziyat, jamoat xavfsizligini taʼminlash, mahalla yettiligi bilan hamkorlik, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ijtimoiy profilaktika, xotin-qizlar va yoshlar bilan manzilli ishlash hamda bozorlar, sanoat korxonalari va chekka hududlarda xavfsizlikni taʼminlash holatini atroflicha oʻrgandi. Masʼullarga jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, «Xavfsiz va raqamli mahalla» tamoyilini keng joriy etish, kuzatuv kameralari va tashvish tugmalari sonini oshirish, profilaktik targʻibot ishlarini kuchaytirish hamda aholi bilan manzilli ishlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Vazirlik ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi oʻrganishlari yakunida kengaytirilgan tahliliy yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni jilovlash, aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini ijtimoiy profilaktika orqali hal etish, xizmat intizomi va qonuniylikka qatʼiy rioya qilish masalalari muhokama qilindi.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, har bir hudud uchun aniq vazifalar belgilab berildi. Xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan bir guruh xodimlar esa munosib ragʻbatlantirildi.
Mahliyo XOLOVA,
oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
