Eron Geometriya Olimpiadasi (IGO) 2014 yildan buyon geometriya faniga qiziquvchi oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan nufuzli xalqaro matematika musobaqasi hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur olimpiadada dunyoning 50 dan ortiq davlatlaridan yoshlar ishtirok etmoqda. Tanlov geometriyaga ixtisoslashgan boʻlib, ishtirokchilardan chuqur mantiqiy fikrlash, aniq va mukammal isbot keltirish, shuningdek, nostandart masalalarga ijodiy yondashuv talab etiladi.
2025-yil 12-oktabr kuni olimpiadaning 1-bosqichi “Iqtidorlar maktabi” tashkiloti tomonidan respublika boʻylab barcha hududlarda tashkil etildi. Unda ixtisoslashtirilgan maktablar, Prezident maktablari (1–11-sinflar), shuningdek, kasb-hunar maktablari va akademik liseylarning 1–2-bosqich oʻquvchilari ishtirok etdilar.
Mazkur musobaqada IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 6-sinf oʻquvchilari Behruzbek Mustafaqulov 300 nafardan ortiq ishtirokchi orasidan maksimal 40 balldan 16 ball, Muhammaddiyor Usmonjonov esa 15 ball toʻplab final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdilar.
Final bosqichida sinflar kesimida gʻoliblar I, II, III oʻrinlar, maxsus diplomlar hamda oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlandilar.
Yaqinda Eron Geometriya Olimpiadasi tashkiliy qoʻmitasi tomonidan mamlakatlar kesimida alohida baholash tartibi asosida yakuniy natijalar eʼlon qilindi. Unga koʻra, olimpiadaning 2-bosqichida IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 6-sinf oʻquvchilari Behruzbek Mustafaqulov hamda Muhammaddiyor Usmonjonov muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medali sohibi boʻldilar.
Ushbu yutuq yosh matematiklarimizning izlanuvchanligi va bilimga chanqoqligining yorqin namunasidir.
