14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni

 

Oʻzbek doim sadoqat va vafo ogʻushida yashaydi. Goʻdakligidayoq mehru shafqat oʻzbek bolasining parvonasidir. Kunu tun samimiyat va izzat unga girdikapalak.

Oilada chaqaloq tugʻilishi bilan butun mahalla eshitadi. «Suyunchi!», «Xush xabar», «Umri bilan bergan boʻlsin!». Piri badavlat otaxonlar murgʻak qulogʻiga azon aytib, unga ism qoʻyishadi. Yaxshi tilaklar tilab, duolar qilinadi: «Iloyo, umri uzun, rizqi butun boʻlsin!», «Ona yurtiga sodiq posbon, ota-onasiga munosib oʻgʻlon boʻlsin!».

Vatanga muhabbat ruhi shunday singib boradi ekan inson vujudiga. Mana shu goʻzal bogʻlar, azim daryolar, muqaddas buloqlar, muhtasham shaharlar, maftunkor qishloqlar, boshidan qor arimaydigan togʻlar, boʻtaloqlarini ergashtirgan tuyalar, toychoqlarini emizayotgan biyalar, boʻztoʻrgʻayjonlar navo qilayotgan sahrolar bizniki.

Tinchlik – bebaho xazina. Xazinaga esa koʻz tikkanlar koʻp boʻladi. Uni asrash kerak. Uni qoʻriqlash kerak. Uni qadrlash kerak. Avaylamoq, asramoq, yurakka joylamoq, sevmoq kerak. Oʻzni qarzdor sezmoq kerak. Xuddi butun boru yoʻgʻini, sogʻligʻini, goʻzalligini, koʻzlarining nuri, sochlarining qorasiyu jilosini, tomirlaridagi qudrat, suyaklaridan quvvatni bizga berib, bugun bizdan himoya, suyanch kutayotgan muhtarama Ona oldidagi kabi, qarzdormiz Vatan oldida. Zero, hadislarda aytilganidek, «Vatanni sevmoq imondandir».

Ayni Vatan mustaqilligini mus­tahkamlayotgan har bir yigit-qiz imonlidir, eʼtiqodlidir. Шunday qudratli posbonlarimiz borligidan qalblarimiz gʻururga toʻladi. Ha, Oʻzbekiston azaldan olovyuraklar yurti. «Yigit soʻzidan qaytmas, arslon izidan», deydigan bir soʻzli mardlar makonidir.

Mamlakatimiz boʻylab har yili 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni milliy bayram sifatida keng nishonlanishi ham bejiz emas. Chunki sizu bizning ayni lahzalardagi kabi, tinch, xotirjam va farovon hayotimiz Qurolli Kuchlarimiz tomonidan ishonchli himoya qilinmoqda. Mana shunday masʼuliyatli va sharafli burchni sidqidildan ado etayotgan, ertangi kunimizning xavfsizligi va barqarorligiga kamarbasta boʻlayotgan navqiron oʻgʻlonlarimizni har qancha eʼzozlasak, koʻklarga koʻtarsak va ularning haqlariga duo qilsak, shuncha kam.

Ayni shu sababdan, davlatimiz rahbarining «Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoyishiga asosan, yurtimizda «Vatanparvarlik oyligi» eʼlon qilinib, uning doirasida yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini kuchaytirish va harbiy kasbga boʻlgan qiziqish, shuningdek, cheksiz gʻurur va iftixor tuygʻularini uygʻotish, xalq va harbiylar yakdilligini taʼminlashga qaratilgan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Farmoyishda mazkur oylikni yurtimizda keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni jalb qilgan holda, «Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!» degan ustuvor gʻoya ostida oʻtkazish belgilangani eʼtiborlidir.

Kezi kelganda aytish lozimki, vatanparvarlik oyligini oʻtkazishdan asosiy maqsad Oʻzbekistonda yashovchi har bir fuqaroga va har bir oilaga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining oʻrni va ahamiyatini yetkazish, maʼnaviyatli va fidoyi, ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanib yashaydigan barkamol shaxs – boʻlajak Vatan himoyachilarini tarbiyalash, ularning dunyoqarashi, mantiqiy, ijodiy va tahliliy fikr­lash doirasini kengaytirish, ona Vatan taqdiri uchun yuksak masʼuliyat hamda javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni yanada mustahkamlashdan iborat boʻlib, «Xalq va armiya – yakdil» ekanligini xalqimizga amalda namoyon etishga qaratilgan.

Darhaqiqat, tillarida Шayxzoda domlaning «Kim vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!» satrlari aylangan yigitlarimiz yakdillikning yorqin namunalarini koʻrsatishdi. Siz Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin tumanlarining sinovli kunlarida, yurt uchun suv kechdingiz, loyqa kechdingiz, ortga chekinmadingiz. Siz Buxoroning Olot, Qorakoʻl tumanlarida roʻy bergan chang-toʻfon ichra yurtdoshlarni qaygʻuda qoldirmadingiz. Orom neligini bilmadingiz, farogʻatdan kechdingiz. O, sizning kasbingiz sharaflidir, el duolarida boʻldingiz. Duolarimiz hamisha siz bilan: Alloh panohida boʻling!

Vijdon hamisha uygʻoq. Siz yurtning vijdoniga aylandingiz.

Har biringiz qahramonsiz. Har biringiz jonlarga jonsiz.

Yurtboshimizning 2020 yil 23 iyulda oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida «Barchamiz hamjihatlikda, chuqur masʼuliyat bilan tizimli ishlasak, bu ogʻir sinovlarni albatta yengamiz. Yana bir bor takrorlayman, bugungi kundagi eng muhim talab – barchamiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga oʻrganishimiz shart!», degan daʼvatlari sizlarga madad boʻldi.

Ha, ogʻir kunlar ortda qolmoqda. Insoniyat tojdor virus jafosidan oldinma-keyin qutulmoqda. Ammo odam borki, hayotidagi eng shodlik va qaygʻuli kunlarini xotirasiga muhrlaydi. Ayniqsa, ogʻir kunda yonida turganlarni unutmaydi va bunga haqqi ham yoʻq. Siz va shifokorlar yanada yuraklarga yaqin boʻldingiz.

Sizning libosingiz yashil rangda, bu – yaxshilik, tiriklik, yasharish va koʻklam belgisi. Bu – saodat belgisi.

Bugun har qachongidan koʻzimizga issiqsiz. Yana bir bayramingiz arafasida Sizga aytar soʻzlarimiz shu qadar koʻpki, qay birini aytaylik?!

Onalarning duosida SIZ.

Otalarning iftixorida SIZ.

Alpomish dostonida «Boʻlar elning bolalari bir-birini botirim», deydi, deya urgʻu beriladi yurt bahodirlariga.

Aziz Vatan himoyachilari, bayramingiz muborak boʻlsin!

                  ***

Bu – Vatandir, shon-sharafi bizning boʻldi,

Jannat misol toʻrt tarafi bizning boʻldi,

Ogʻir kunda yelkasiga oldi uni,

Boʻlar elim botirlari, botirlari.

 

Bu Vatandir, gul, bahoribizning boʻldi,

Dur yomgʻiri, kumush qori bizning boʻldi,

Saratonda soyasiga oldi uni,

Boʻlar elim botirlari, botirlari.

 

Bu – Vatandir qaygʻusi ham bizning boʻldi,

Шodliklari, yogʻdusi ham bizning boʻldi,

Qahratonda kaftlariga oldi uni,

Boʻlar elim botirlari, botirlari.

 

Bu – Vatandir, qadri baland osmonlari,

Bu – Vatandir, behisht misol oshyonlari,

Qutlugʻ kunning egalari, posbonlari –

Boʻlar elim botirlari, botirlari.

 

Zulfiya MOʻMINOVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar

uyushmasi aʼzosi, shoira.