Konimex tumani 1926-yilda tashkil etilgan. Tumanning nomlanishi bilan bogʻliq turli rivoyatlar va taxminlar mavjud.
Naql qilishlaricha, Eron shohining oʻgʻli Shopur Turan shu oʻlkada yashagan Mehribonu ismli goʻzalga oshiq-u beqaror boʻlib qoladi.
U qizga uylanib, sevgilisining hurmatiga Zarafshon daryosidan kanal (kanal, anhor forschada «kom» deyiladi) qazdirib, unga Komimehr deb nom beradi. Asrlar davomida bu soʻz oʻzgarishlarga uchrab, Konimex shakliga keladi.
Ikkinchi rivoyatga koʻra, ushbu hududda Mex ismli keksa choʻpon yashagan. Zarafshon daryosidan oqib keluvchi anhorga shu otaxon hurmatiga Komimex deb nom qoʻyishgan. Keyinchalik bu nom Konimexga aylangan.
Ilm ahli esa tuman nomi «Otashparastlar anhori» maʼnosini anglatadi deb hisoblashadi. Buni «mex» yoki «mugʻ» soʻzi otashparast degan maʼnoni bildirishi bilan izohlaydilar. Chunki islom diniga qadar ushbu hudud aholisi zardushtiylik, yaʼni otashparastlik diniga eʼtiqod qilgan.
Qadimiy tarixga ega mazkur tumanning yer maydoni 15,5 ming kvadrat kilometr. Bu yerda oʻzbeklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar va boshqa millat vakillari ahil-inoq yashashadi. Mahalliy aholi oʻzining milliy urf-odatlarini, anʼanalarini, oʻziga xos kiyimlarini saqlab qolgan. Ular asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanadilar.
Beshbarmoq milliy taomini maromiga yetkazib tayyorlashda Navoiy viloyatida konimexliklarning oldiga tushadiganlar yoʻq. Ushbu taom ham, konimexliklarning oʻtovlari ham tumanga tashrif buyuradirgan sayyohlarni hayratga solib kelmoqda.
Mahliyo XOLOVA tayyorladi.
