«Muruvvat» internat uyi Nurota tumanidagi soʻlim va bahavo goʻshada joylashgan. Bugungi kunda ushbu maskanda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 18 yoshdan oshgan ruhiyatida nuqsoni boʻlgan 

225 nafar I va II guruh nogironlariga gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. 

Internat uyiga viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining masʼullari hamrohligida bordik. Soha vakillarining aytishicha, hozirga qadar «Muruvvat» uyida istiqomat qilayotgan fuqarolarning 211 nafariga ID-kartalar berilgan. Shu kuni qolgan 14 nafariga ham shaxsini tasdiqlovchi hujjat topshirildi. 

ID-kartalar tumanlarda yashovchi imkoniyati cheklangan fuqarolarga ham ularning uyiga borib topshirilyapti. 

– Mazkur internat 

uyida istiqomat qiluvchi Gurgen Safaryan bilan suhbatlashganimizda, koʻp yillardan buyon fuqaroligi yoʻqligini aytib qoldi. Unga Oʻzbekis­ton fuqaroligiga qabul qilinish shartlari hamda hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini tushuntirdik. Gurgen Safaryanning hujjatlari yigʻma jildi oʻrganib chiqish va yakuniy xulosa berish uchun tegish­li idoraga yuborildi, – dey­di viloyat IIB M va FRB muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, mayor Dildora Toʻraeva. 

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan xorijga chiqish pasportini olishda ortiqcha hujjatlar talab qilinishiga chek qoʻyilgani koʻplab yurtdosh­larimizning ogʻirini yengil qildi. 

– Yil boshidan buyon Navoiy viloyati boʻyicha jami 19181 ta ID-karta hamda 13929 ta xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirib berildi, – deydi IIB M va FRB katta inspektori, leytenant Umar Toʻxtaev. 

Navoiy viloyati hududida 100 dan ortiq mehmonxonalar hamda mehmon uylari mavjud. Soha xodimlari tomonidan ularning faoliyati reja asosida tekshirilyapti. Bunda asosiy eʼtibor mehmonxonalarning lisenziyasi, sertifikat muddatlari, «E-mehmon» dasturining ishchi holati, xorijiy fuqarolarning vaqtincha qayddan oʻtkazilishi, chiqarilishi hamda viza muddatlariga qaratiladi. Shu kuni ham shahar hududida joylashgan bir nechta mehmonxona tekshirilib, ishchi-xodimlar bilan suhbat oʻtkazildi.

Mahliyo XOLOVA,

«Postda» muxbiri.

Navoiy viloyati.