Yaqinda poytaxtimizning Chilonzor tumani Doʻmbirobod chorrahasida harakatlanib kelayotgan davlat raqam belgisi 01 168 HFA “Isuzu” rusumli avtobus haydovchisi B.A. boshqaruvni yoʻqotishi oqibatida bir nechta transport vositasi bilan toʻqnashuv sodir etadi. Natijada, mazkur avtobusdagi yoʻlovchilardan biri F.O. hamda “Labo” avtomobilining haydovchisi G.D. tan jarohati oladi.

Shu munosabat bilan kuni kecha, Chilonzor tumanidagi 7-sonli avtobus parkida haydovchilar ishtirokida ushbu yoʻl-transport hodisasining muhokamasiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda soʻzga chiqqan Toshkent shahar IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Rafiqjon Jalilov haydovchilarni yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy amal qilishga, hech qachon hushyorlikni yoʻqotmaslikka, aks holda bunday befarqlik ayanchli oqibatlarga olib kelishini statistik maʼlumotlar asosida keltirib oʻtdi. 

Shuningdek, boshqarma boshligʻi sohaga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati boʻyicha ishtirokchilarga batafsil tushunchalar berdi.

Mazmunli oʻtgan ushbu tadbir yakunida esa, haydovchilar ham oʻzlarini qiziqtirgan savollar boʻyicha mutaxassislarga murojaat etib, yetarlicha javob olishdi.  

Qahramon XUDOYBERGANOV,

mayor.