Uchqoʻrgʻon tumani IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi katta inspektori, mayor Muzaffar Haydarovning «Shuhrat» medali bilan taqdirlanishi uning kamtarona xizmatiga berilgan ragʻbat boʻldi. Ushbu eʼtirof Muzaffarni yanada gʻayrat-shijoat, sadoqat bilan xizmat qilishga undamoqda.

Lavhamiz qahramoni ilgʻor fikrli, zimmasidagi vazifalarni masʼuliyat bilan uddalaydigan xodim. Targʻibot tadbirlarida faol, bir soʻz bilan aytganda, oʻz sohasining bilimdoni.

Uning tashab­busi bilan yil boshidan buyon 3 ta jinoyat ishi ochilgan. Profilaktik tadbirlar davomida 268 ta huquqbuzarlikni aniqlab, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻrilishini taʼminlagan.

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan 8 nafar xotin-qizga himoya orderi berilib, fuqarolardan kelib tushgan 54 ta ariza, shikoyat va murojaatlarni batafsil oʻrganib chiqib, barchasi boʻyicha qonuniy qarorlar qabul qilgan.

Profilaktik hisobga olingan 

22 nafar shaxs tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan hamda 6 nafar muqad­dam sudlangan shaxsning ishga kirishiga koʻmaklashgan.

Mahalla yarashtiruv komissiyasi tarkibida ishtirok etib, 16 ta 

oila-turmush doirasidagi muam­moning ijobiy hal etilishiga hamda 9 ta oilaning yarashuviga oʻzining munosib hissasini qoʻsha oldi. 

– Turli soha fidoyilari qatorida farzandim Muzaffarning taqdirla­nishidan ota sifatida boshim 

osmonga yetdi. Qaddim togʻdek koʻtarildi, – deydi mukofot sohibi­ning padari buzrukvori Rahmonali Haydarov.

Ichki ishlar sohasi mashaqqatli mehnatni talab etadi. 25 yildan buyon tun-u kun xalq tinchligini saqlashga qoʻshishdagi zahmatlari inobatga olingani, xizmatlari eʼtirof etilishi yurtimizda inson qadr-qimmati ulugʻligi, adolat borligining isbotidir.

– Raqamlar ortida profilaktika inspektorining zahmatli mehnatlari mujassam. Osoyishtalikni taʼminlash, mahallani tinch va obod hududga aylantirish borasida tinim bilmay xizmat qilayotgani eʼtirofga loyiq, – deydi Uchqoʻrgʻon tumani IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻi, mayor 

Adhamjon Oʻrinov. 

Mukofot sohibini qutlab, yaqin qarindoshlari, hamkasblari, doʻstlari, mahalladoshlari qoʻngʻiroq qilishadi. Bu quvonchli xabarni, ayniqsa, ota-onasi Rahmonali aka va Xatichaxon aya, turmush oʻrtogʻi Muqaddamxon, farzandlari Javohir, Shodiyona va Muxlisa oʻzgacha xursandlik bilan qarshi olishdi. 

Baxt va halovat oshiyonida doimo qoʻllab-quvvatlovchi insonlar­ning ishonchi uni doimo katta maqsadlar sari undayveradi.

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA, 

oʻz muxbirimiz.

Namangan viloyati.