Kundalik oziq-ovqatlar orasida, ayniqsa, goʻsht va goʻsht mahsulotlari alohida saqlash va sanitariya-gigiena qoidalariga qatʼiy rioya etishni talab qiladi. Aks holda tez fursatda yaroqsiz holga kelib, inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Buni barcha, xususan, bunday mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanayotganlar juda yaxshi bilishadi.
Buxorodan Toshkentga qarab yoʻlga chiqqan V.P mashinasida sotish uchun olib ketayotgan 285 kg yirik shoxli mol goʻshtini sanitariya nazoratidan oʻtkazmadi. Hoynahoy, ilgari ham shu taxlitda ish tutgan boʻlishi mumkin. Lekin “Koʻza kundamas, kunida sinadi” deganlaridek, bu safar qilmishi fosh boʻldi.
“Navoiy” muntazam yoʻl-patrulʼ maskanida YPX xodimlari uni toʻxtatishdi. Haydovchi poytaxtga borayotganini ayganidan soʻng, PPX xodimlari yukxonani koʻzdan kechirishdi. Mol goʻshti yukxonada ochiq va tartibsiz holatda olib ketilayotgan edi. Bu esa sanitariya-gigiena talablariga mutlaqo ziddir. Shuning uchun goʻsht maxsus laboratoriya tekshiruviga joʻnatildi. Haydovchiga nisbatan maʼmuriy dalolatnoma rasmiylashtirilib, laboratoriya tahliliga koʻra yaroqsiz deb topilgan goʻsht belgilangan tartibda yoʻq qilindi.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
