Mamlakatimiz tinchlik-osoyishtaligi yoʻlida tinim bilmay xizmat qilayotgan harbiylarimiz orasida podpolkovnik Samar Omonovning ham munosib oʻrni bor. Ona Vatanimiz himoyasi yoʻlida kerak boʻlsa, jonini ham fido qilishga tayyor boʻlgan bu inson 1984-yilning 27-fevral kuni Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumanida tavallud topgan. 2006-yilda IIV Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtini (hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini) muvaffaqiyatli tamomlaydi.
Ilk xizmat faoliyatini 2006-yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Qashqadaryo viloyatida joylashgan 7533-harbiy qism guruh komandiri lavozimida boshlagan yosh harbiy xizmatchi ustozlari yordamida kasb sirlarini mukammal oʻrganib, keyinchalik, poytaxtimizdagi 7531-harbiy qism vzvod komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimidan, batalʼon komandirining birinchi oʻrinbosari – shtab boshligʻigacha boʻlgan mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtadi.
Hozirda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Navoiy viloyatida joylashgan 7532-harbiy qism batalʼon komandiri lavozimida samarali faoliyat olib borayotgan lavhamiz qahramoni harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy intizomni mustahkamlash bilan birga, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.
Shuningdek, tinib-tinchimas Samar Omonov 2020-yilda oʻtkazilgan “Eng ilgʻor kasb mutaxassisi” koʻrik-tanlovining “Eng ilgʻor batalʼon komandiri” nominasiyasida Qorovul qoʻshinlari miqyosida faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Shu boisdan, faoliyati davomida yuqori natijalarga erishib kelayotgan podpolkovnik Samar Omonovning ona Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan ham yuksak qadrlanib, bir necha marotaba mukofotga loyiq topilgan.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
