Ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida tunu kun tinimsiz xizmat qilib kelayotgan harbiylarimizdan biri III darajali serjant Kalikbaev Bekzod Kuttibekovichdir. U 1986-yilning 2-sentabr kuni Chirchiq shahrida dunyoga kelgan. 2005-yilda Qibray agrotijorat kollejini, 2018 yilda esa, Urganch shahridagi Serjantlar tayyorlash maktabini muvaffaqiyatli tamomlaydi.
Ilk xizmat faoliyatini 2010-yili poytaxtimizda joylashgan IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7534-harbiy qism ruxsatnomalar berish buyurosi navbatchisi lavozimida boshlagan bu yigit oʻtgan davr mobaynida ustozlarining yordami bilan soha sir-asrorlarini mukammal oʻrganib, hozirda Andijon viloyatidagi 7553-harbiy qism seksiya komandiri lavozimda samarali faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, oʻzining uddaburonligi va tashabbuskorligi bilan berilgan topshiriqlarni ham oʻz vaqtida fidoyilik bilan bajarib, barchaga namuna boʻlib kelyapti.
Shuningdek u yosh harbiy xizmatchilarni ona Vatanga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash hamda harbiy intizomni mustahkamlashda ham oʻzining jonkuyarligi bilan harbiy qism rahbariyatiga yaqindan yordam berib kelayotir.
Faoliyati davomida koʻplab marotaba esdalik va koʻkrak nishonlari hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanib kelayotgan III darajali serjant Kalikbaev Bekzod Kuttibekovich joriy yilning aprelʼ oyida Qorovul qoʻshinlari oʻrtasida “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” shiori ostida oʻtkazilgan “Namunali oila” koʻrik tanlovining final bosqichida ishtirok etib, faxrli 3-oʻrin sohibiga aylandi.
Shu sababli, uning jonajon Vatanimiz tinchligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyatning ham eʼtiboridan munosib joy olmoqda.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
