Yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida beminnat xizmat qilib kelayotgan podpolkovnik Hamzaev Oybek Joʻrabekovich 1985-yilning 3-aprel kuni poytaxtimizning Uchtepa tumanida tugʻilgan. 2006-yilda hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini muvaffaqiyatli tamomlagan.

Ilk xizmat faoliyatini 2006-yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Toshkent shahrida joylashgan 7534-harbiy qism guruh komandiri lavozimida boshlagan yosh harbiy xizmatchi ustozlari yordamida kasb sir-asrorlarini mukammal egallab, hozirda poytaxtimizdagi 7531-harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida samarali faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, oʻzining harakatchanligi, tirishqoqligi va uddaburonligi bilan barchaga namuna boʻlib kelayotgan tinib-tinchimas bu yigit, oʻziga berilgan topshiriqlarni ham jonkuyarlik bilan ado etib, barchaga namuna boʻlib kelyapti.

Shuningdek, shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyatini oshirishda, yosh harbiy xizmatchilarni ona Vatanga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda harbiy intizomni mustahkamlashda ham oʻzining fidoyiligi bilan harbiy qism qoʻmondonligiga yaqindan yordam berayotir.

Shu sababli, faoliyati davomida ijobiy natijalarni qoʻlga kiritib kelayotgan podpolkovnik Oybek Hamzaevning ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan inobatga olinib, koʻplab marotaba ragʻbatlantirib kelinmoqda.

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.