Yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilishni xohlagan mayor Shukurullo Abdurazzaqov 1987 yilning 27 mart kuni Andijon viloyatining Izboskan tumanida tugʻilgan. U 2011 yilda hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini muvaffaqiyatli tamomlaydi.

Ilk xizmat faoliyatini 2011 yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Navoiy viloyatida joylashgan 7532-harbiy qism guruh komandiri lavozimida boshlagan yosh harbiy ustozlaridan xizmat sir-asrorlarini mukammal oʻrganib, hozirda Andijon shahridagi 7553-harbiy qism Shtab boshligʻining oʻrinbosari lavozimida samarali xizmat qilib kelmoqda.

Shu bilan birga, oʻzining tirishqoqligi va uddaburonligi bilan barchaga namuna boʻlib kelayotgan gʻayrat-shijoatli bu yigit 2020 yili harbiylar oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor kasb mutaxassisi” koʻrik-tanlovining “Eng ilgʻor guruh komandiri” nominatsiyasida Qorovul qoʻshinlari miqyosida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritish bilan bir qatorda oʻziga berilgan topshiriqlarni ham jonkuyarlik bilan ado etayotir. Shuningdek, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelyapti.

Bundan tashqari, joriy yilda Ichki ishlar vazirligining “Qoʻshin aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan tinib-tinchimas bu inson, yosh harbiy xizmatchilarni ona yurtga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda harbiy intizomni mustahkamlashda ham qism qoʻmondonligiga yaqindan yordam bermoqda.

Shu boisdan, xizmati davomida ijobiy natijalarga erishib kelayotgan mayor Shukurullo Abdurazzaqovning ona Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib baholanib, koʻplab marotaba ragʻbatlantirilgan.

Shunday ekan, biz ham uning kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilab, bundan-da, yuqori marralarni zabt etishini tilab qolamiz!

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.