Safdor Qurbanbayev Ergash Sarsenbayevich 1981 yilning 25 yanvarida Xoʻjayli tumanida tugʻilgan. 1999 yili Qoraqalpoq iqtisodiyot va tadbirkorlik kollejini tamomlagan.
Ilk xizmat faoliyatini 2009 yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV PPX va JTSB Kinologiya xizmatida kinolog-inspektor lavozimida boshlagan yosh xodim hozirga qadar mazkur lavozimda soha sir-asrorlarini mukammal egallab kelmoqda.
E. Qurbanbayev oʻtgan faoliyati davomida aholining tinchlik-osoyishtaligini saqlash, shu bilan birga, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izida” fosh etishda faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, oʻtgan yili boshqa xizmatlar bilan hamkorlikda 8 marotaba jinoyat joyiga chiqib, oʻziga biriktirilgan xizmat iti yordamida 6 ta jinoyatni fosh etishga muvaffaq boʻldi.
Masalan, Toʻrtkoʻl tumanidagi xonadonlarning biriga yashirin tarzda kirgan nomaʼlum shaxs, u yerda yashovchi ayol va uning qizini shafqatsizlarcha oʻldirib ketadi. Mazkur holat yuzasidan voqea joyiga yetib kelgan tergov-tezkor guruhi tarkibida boʻlgan safdor Ergash Qurbanbayev esa, usha uydan uncha uzoq boʻlmagan joydan topilgan pichoq boʻyicha «Sandra» laqabli itiga hid oldiradi va qotilning taxminiy yashash manzilini topishga erishadi. Soʻngra, ushbu hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan oʻtkazilgan surishtiruv ishlari natijasida jinoyatchi qoʻlga olinadi.
Shuningdek, joriy yilning yanvar oyida ham Nukus shahrida sodir boʻlgan qotillik jinoyati boʻyicha voqea joyiga chiqib, uning fosh etilishiga munosib hissa qoʻshadi.
Azamat PIRNIYAZOV,
“Postda” muxbiri.
