Katta leytenant Anvar Abdurahmonov
Al Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan xalqaro kurash turniri yakunlanish arafasida. Termiz shahridagi “Alpomish” maydonida tumonat odam toʻplangan. Maydon oʻrtasida esa gʻoliblarni taqdirlash marosimi oʻtayotgan mahal sahnaga Ozarbayjonlik sportchi ham taklif etildi. Sahna orqasida turgan sportchi shoshganidan qoʻlidagi uyali telefonini shu yerda turgan stol ustiga qoʻydi va sovrinni qabul qilish uchun shohsupaga chiqdi. Biroz vaqt oʻtib, qaytib kelganda stol ustidagi telefon gʻoyib boʻlgandi.
Atrofda odam gavjum, sportchi tezda shu yerda turganlarga yuzlanib, telefoni yoʻqolganini tushuntirdi. Ammo, uni tushunishmadi chogʻi, hayratlanib qarab turaverishdi. Vaziyatni kuzatib turgan viloyat IIB xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi profilaktika katta inspektori, katta leytenant Anvar Abdurahmonov mehmonning oldiga borib, ingliz tilida undan nima gapligini soʻradi. Ozarbayjonlik sportchi esa boʻlgan voqeani aytib, undan yordam soʻradi. Inspektor vaqtni yoʻqotmaslik uchun tezda kuzatuv kameralarini koʻzdan kechirdi. Koʻrilgan tezkor choralardan soʻng, mehmonning ehtiyotsizlik natijasida yoʻqotib qoʻygan uyali telefoni topib berildi.
Profilaktika katta inspektori Anvar Abdurahmonov vohaga turli sabablar bilan tashrif buyurgan mehmon sayyohlarning yoʻqolgan buyumlarini topib berishda koʻp marta ana shunday jonbozlik koʻrsatgan. Shu bois ham oʻz ishini puxta biladigan xodimning faoliyatidagi koʻrsatkichlari maqtasa maqtagulik. Birgina joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tomonidan 489 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan boʻlsa, bunda qahramonimizning mehnati katta.
1990 yil Muzrabot tumanida tugʻilgan Anvar Abdurahmonov yosh boʻlishiga qaramay, ancha tirishqoq, harakatchan xodim. Oliy taʼlimni Toshkent temir yoʻllar institutida olgan boʻlsa-da, kuchli ishtiyoq uni bugun ichki ishlar organlarida xizmat qilishga undagan. Hatto, shu yili oʻzi orzu qilganidek IIV Akademiyasiga sirtdan oʻqishga ham qabul qilindi.
— Turizm namoyish obʼektlarida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning
oldini olish muhim vazifamizdir, — deydi katta leytenant Anvar Abdurahmonov. — Chunki, u yerga turli mamlakatlardan sayyohlar mehmon boʻlib kelishadi. Ularning tinch, xotirjam sayohat qilib, qadimiy obidalarimiz, tariximizni oʻrganishlari uchun ham xavfsiz sharoit yaratib berishimiz lozim. Hatto, turizm obʼektlari atrofiga turli chiqindilarni tashlash yoki belgilanmagan hududlarda tamaki chekish kabi holatlarga ham befarq qarab turolmaymiz. Qolaversa, bu oʻsha hudud husnini ham buzadi. Axir turizm obʼektlari nafaqat vohamizning, balki butun Oʻzbekistonning ham yuzi sanaladi.
Jonkuyar qahramonimiz va hamkasblarining saʼy-harakati bilan bugun Termiz shahridagi Sanʼat saroyi hududida barpo etilgan katta bogʻ hamda avtoshohbekatida ham tartib oʻrnatildi. Ilgari bogʻ hududida mast holda yuradiganlar ham, chiqindi tashlab, atrofni ifloslantiradigan ham uchrardi. Biroq bugun bundaylarni sira uchratmaysiz. Hududda oʻtkazilgan reyd tadbirlari bunga chek qoʻydi.
Darvoqe, har bir insonning sevimli mashgʻuloti boʻlganidek, qahramonimiz ham badiiy adabiyot namunalarini sevib mutolaa qiladi. Suhbat jarayonida oxirgi oʻqigan asari Marsel Brionning “Menkim sohibqiron Jahongir Temur” haqida toʻlqinlanib gapirdi. Undan olgan taassurotlariyu Amir Temurning qanday sifatlarga ega boʻlganligiga oid koʻplab faktlarni keltirib oʻtdi.
Kitob oʻqigan odam oʻz ustida ishlashni xush koʻradigan, oʻsishga qarab qadam tashlaydiganlar qatorida boʻladi. Demakki, qahramonimiz ham shunday xodimlardan.
Feruza Rahmonqulova,
“Postda” muxbiri,
Surxondaryo viloyati
