Kapitan Akmal Nurmatov Fargʻona viloyati IIB 10-son tergov hibsxonasi tartibot va qoʻriqlash boʻlimi xodimi lavozimida xizmat qiladi. U 2014 yilda IIV Toshkent Oliy harbiy texnika bilim yurti (Hozirgi Milliy gvardiya Harbiy texnika instituti)ni tamomlab, dastlabki faoliyatini IIV Ichki ishlar organlari xodimlarini boshlangʻich tayyorlash va malakasini oshirish Fargʻona shahar markazida boshlagan edi. Oliy taʼlim muassasasida aʼlo baholarga oʻqib, ustozlari sabogʻini puxta oʻzlashtirgan yigit xizmatga sidqidildan yondashib, koʻpchilikka namuna boʻla boshladi. Oʻziga topshirilgan vazifalarni mukammal bajarishi, favqulodda vaziyatlarda tezkor qarorlar qabul qila olishi rahbariyatning eʼtiboridan chetda qolmadi.

Fargʻona viloyati IIB 10-son tergov hibsxonasi tartibot va qoʻriqlash boʻlimi xodimi lavozimidagi faoliyati davomida ham Akmal Nurmatov fidoyilik bilan xizmat qilyapti. Uning hushyorligi bois xibsxonaga taqiqlangan buyumlar olib kirilishiga, mahbuslarning noqonuniy xatti-harakatlar qilishiga yoʻl qoʻyilmayapti.

Yaqinda hibsxonada saqlanayotgan shaxslardan birining yaqinlari oziq-ovqat mahsulotlari berib ketadi. Ularni mahbus qabul qilib olar ekan, kapitan A. Nurmatov mahsulotlar orasida taqiqlangan narsalar bor-yoʻqligini nazorat qilib turardi. Qadoqlangan idishda turgan chokokrem shirinligi xodimda shubha uygʻotdi.

— Mahsulotlar orasidagi chokokrem vazni odatdagidan ogʻirroq tuyuldi, — deydi A. Nurmatov. — Shu sababdan uning idishini ochishni soʻradim. Mahbus esa sarosimaga tushib: “Shu shartmi?” deya meni chalgʻitishga urindi. Qopqoq ochilganda esa hammasi oydinlashdi.

Maʼlum boʻlishicha mahbusga oziq-ovqat keltirgan yaqinlari mazkur shirinlik orasiga uyali telefon apparatini polietilenga oʻrab, hibsxonaga kiritmoqchi boʻlgan. Taqiqlangan buyumni yashirin ravishda olib kirishga boʻlgan urinish besamar ketdi. Hushyor xodim esa rahbariyat tomonidan munosib taqdirlandi.

Inomjon RAHIMXOʻJAEV,

katta leytenant.