1972-yilda shoh va shoir Boburmirzoning vatani boʻlmish Andijonda tugʻilib voyaga yetgan Doniyor Turgʻunov qariyb 14 yildan beri Vatan xizmatida. 

Muddatli harbiy xizmatdan soʻng oʻz burchini Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi habiy qismlardan birida boshlagan qahramonimiz bugun Termiz xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash batalʼoni 3-qoʻriqlash vzvodi 3-qoʻriqlash guruhi komandiri sifatida faoliyat yuritmoqda. 

U samimiyligi bilan jamoada hurmat qozongan. Gʻayratli, azamat yigit. Boshlagan ishini oxiriga yetkazmasdan qoʻymaydi. Shuning uchun berilgan vazifani oʻz vaqtida ortigʻi bilan ado etadi. Bunday sifatlari uchun qahramonimiz uch bora ragʻbatlantirilgan. 

Guruhidagi harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-axloqiy va jangovar tayyorgarligini oshirishda oʻzini javobgar sezadi. Muhimi, har bir xizmatchining hurmatini joyiga qoʻyadi, ularning tashqi koʻrinishidan tortib xizmat vazifasini qanday bajarayotganiyu oilasidagi muammolarigacha qiziqadi. Befarq qarab turmaydi. 

“Tor joyda osh yegandan keng joyda musht yegan yaxshi”, deydi mashoixlar. Aslida tanglikda yashaydigan odamning feʼli ham, dunyoqarashi ham tang boʻladi. Kengchilikka nima yetsin! 

Doniyor Turgʻunov bilan suhbatlashsangiz, ana shu kengchilikni, kengfeʼllikni his qilasiz. Har bir narsaga shunday nazar bilan qaraydigan qahramonimiz oʻzgarish ham, yuksalish ham ongimizdagi oʻzgarishdan, kengfeʼllikdan boshlanadi, deb hisoblaydi. 

Turmush oʻrtogʻi bilan ikki farzandni yaxshi umidlar bilan voyaga yetkazayotgan Doniyor Turgʻunovning orzusi ularga yaxshi tarbiya berish, ota-onasini xizmatiga, kuniga yaraydigan farzand maqomiga erishishdir.

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.