Sariosiyo tumanidagi “Aeroport” mahallasida yashovchi fuqarodan ichki ishlar organiga “Qoʻzigul Fayz” savdo majmuasidagi doʻkonlarning biridan 8 mln. 700 ming soʻm pul va 9 ta zamonaviy telefon apparati oʻgʻirlangani boʻyicha ariza kelib tushadi. Oʻgʻirlik jinoyati bilan bogʻliq mazkur ish hujjati viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergov qismi shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlarni tergov qilish guruhi oʻta muhim ishlar boʻyicha tergovchisi, kapitan Feruz Aliboevga topshiriladi.
Tergovchi ishni sinchiklab oʻrganishdan boshlaydi. Biroq uning ortidan uyushgan holda sodir etilgan yana koʻplab oʻgʻirliklarning izi topiladi. Nafaqat Sariosiyo, balki Uzun va Denov tumanlaridagi savdo doʻkonlaridan televizor, zamonaviy telefonlar va katta miqdordagi naqd pullar oʻgʻirlangani, buni bir jinoiy guruh til biriktirgan holda sodir etgani oydinlashadi.
F.Aliboev barcha holatlarni oʻrganib, dalillarni topib, sud hukmiga havola qildi va bir guruh jinoyatchilarga qonuniy javobgarlik belgilanishiga erishdi.
Adolatning tantanasi hech vaqt oson boʻlmaydi. Qahramonimiz ham tom maʼnoda uning taʼminlanishi uchun oʻz mehnati, bilimi va tajribasi bilan hissa qoʻshib kelayotir. Uning faoliyati davomida shunga oʻxshash misollarni koʻplab keltirish mumkin.
Kapitan Feruz Aliboev 1989 yilda Angor tumanida tugʻilgan. Oliy maʼlumotni IIV Akademiyasida olgan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2014 yil Sherobod tumani IIB tergov boʻlinmasining stajyor-tergovchisi vazifasida boshlagan. Turli lavozimlarda ishlab, tajriba orttirgan kapitan bugun hamkasblari orasida ham hurmat qozongan.
Darvoqe, F.Aliboev stol tennisi ustasi. Yaqinda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida oʻtkazilgan viloyat birinchiligida sportning stol tennisi turi boʻyicha 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Yana bir fazilati, shuncha yumushi borligiga qaramay, tinib-tinchimagan qahramonimiz xonadonida oilaviy asalarichilik bilan ham shugʻullanadi. 150 quti asalari oilasidan bir yilda 2 tonnagacha asal oladi. Yana tomorqasida ekilgan 100 tup anor daraxti har yili 3-3,5 tonna hosil beradi. Bularning barchasi chinakam mehnat aslida. Tergov xodimlari orasida shunday mehnatkash, tadbirli, oʻz ishining ustalari borligini koʻrib, biz ham quvonamiz.
Feruza RAHMONQULOVA,
“Postda” muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
