Lavhamiz qahramoni qariyb 9 yildan buyon huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida faoliyat olib boradi. Hozirda u Navoiy shahar IIB 1-son IIB HPG profilaktika inspektori. Navoiy shahrining chekka qismida joylashgan Tinchlik mahallasida osoyishtalik taʼminlanishi uchun masʼul. Mahallada 2378 nafar aholi istiqomat qiladi. Ulardan 4 nafari probasiya hisobida, 6 nafar shaxs esa profilaktik hisobda turadi. Uning jonkuyarligi, ishni toʻgʻri tashkil etganligi natijasida hududda shu kunga qadar birorta ham jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.  

– Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida birinchi navbatda vaqtincha ishsiz va bekorchilikni oʻziga kasb qilib olganlarning bandligini taʼminlash choralarini koʻryapmiz. Chunki barcha koʻngilsizliklar maqsadsiz yurganlar va zararli odatlarga ruju qoʻyganlardan kelib chiqadi. Xizmat hududimda 23 nafar spirtli ichimlikka ruju qoʻygan fuqaro bor. Ayni paytda ular bilan muntazam tushuntirish ishlari olib bormoqdamiz. Chunki bu illat ortidan nafaqat ularning oʻzlari, oilalari, balki jamiyat ham zarar koʻradi, – deydi kapitan Sherzod Neʼmatilloev. 

Mazkur mahallada istiqomat qiluvchi A.R ichkilikbozlikka berilib, binoyiday ishidan ayrildi. Xotini, bolalari moddiy qiyin ahvolda qoldi. Har kungi janjallar oilani jar yoqasiga olib keldi. Odamlar qarzini soʻrab kelaverishi tufayli, u mahallada bosh koʻtarib yurolmay qoldi.

Profilaktika inspektori yosh oilani saqlab qolish maqsadida mahalla faollari, tibbiyot xodimlari, ulamolar bilan bamaslahat ish tutdi. Ularning birgalikdagi saʼy-harakatlari zoe ketmadi. A.R oʻz ishiga qayta tiklandi. Hatto ichkilikdan voz kechishga, buning uchun tibbiy muolaja olishga ham koʻndi. Kapitan Sherzod Nematilloev har kuni undan xabardor boʻlib turibdi. A.R.ning ota-onasi va oila aʼzolari profilaktika inspektoridan minnatdor. 


Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.