Vataniga, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilgan kishi hech qachon kam boʻlmaydi. Lavhamiz qahramoni Urganch tumani IIB HPB profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Jasur Yoʻldashev ham oʻzining fidoyi xizmati bilan hayotda oʻz oʻrnini topdi va xalqning hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻldi.
Yangibozor tumanining “Boʻzqalʼa” qishlogʻida tugʻilib voyaga yetgan Jasur maktabni tugatgach, Urganch davlat universitetida tahsil oldi. Harbiy xizmatdan qaytgach, IIV akademiyasi serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursida oʻqigan kichik serjant Jasur Yoʻldashev viloyat IIB PPX va JTSB jangovar harakatdagi otryad guruh komandiri vazifasida xizmat faoliyatini boshladi. Xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashadigan kichik serjant Jasur Yoʻldashev boshqarma rahbariyatining ishonchini qozondi. Shundan soʻng uni viloyat IIB alohida vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi guruh komandiri vazifasiga oʻtkazishdi. U bu lavozimga ham tezda koʻnikib ketdi. Sportning qoʻl jangi, sambo turlari boʻyicha oʻtkazilayotgan koʻplab musobaqalarda, oʻquv va jangovar-taktik mashgʻulotlarida faol ishtirok etdi. Ayniqsa, maxsus topshiriqlarni bajarishda va gumonlanuvchilarni qoʻlga olishda hamkasblariga oʻrnak boʻldi.
Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni oʻz burchi, deb bilgan lavhamiz qaxramoni Urganch tumanidagi “Chotkoʻpir”, “Qoʻngʻirot” mahallalarida ham jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha fidoyilik bilan xizmat qildi. Ayni kunda podpolkovnik Jasur Yoʻldashev tumandagi “Oltin koʻl” mahallasida xizmat faoliyatini davom ettirmoqda.
Yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlashdagi samarali xizmatlari uchun Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Jasur Yoʻldashev “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
