Jamshidbek Abdusalomov 2020-yilda IIV Akademiyasini tamomlab, Fargʻona viloyatining Dangʻara tumani ichki ishlar boʻlimida xizmatni boshlagan.
Ayni kunlarda shu tumanning “Yashik” mahalla fuqarolar yigʻiniga xizmat koʻrsatuvchi huquq-tartibot maskanida profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilmoqda.
J. Abdusalomov yosh boʻlishiga qaramay xizmatda oʻzini har tomonlama koʻrsatmoqda. Jinoyatlarning oldini olish, sodir etilganlarini “issiq izida” fosh etishda ham faol ishtirok etyapti.
Yaqinda “Yashik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi fuqarolardan birining uyida oʻgʻrilik jinoyati sodir boʻldi. Nomaʼlum shaxs xonadonga yashirin ravishda kirib, umumiy narxi 8 million 700 ming soʻmlik bir necha turdagi tilla taqinchoqlar va 200 ming soʻm pulni oʻgʻirlab ketdi.
Ushbu jinoyatni fosh etib, oʻgʻrini topishda leytenant Jamshidbek Abdusalomovning sinchkovligi qoʻl keldi. Mahalla hududidagi kuzatuv kameralari xotirasini tekshirib, shubhali harakatlangan fuqaroni aniqladi va tezkor surishtiruv ishlarini olib bordi. Natijada uning saʼy-harakati bilan jinoyat tezda fosh etildi.
Shuningdek, yaqinda u muqaddam bir necha bor firibgarlik jinoyatini sodir etib, tergov va sud organlaridan qochib yurgan X.U.ni qoʻlga olishda ham hamkasblariga yordam berdi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
